ISM rahbari AYSESKO forumi mehmonlarini Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga taklif qildi
Joriy yilning 26-27 may kunlari Samarqand shahrida «Islom dunyosining maʼnaviy merosi va madaniy ifodalari: xattotlik, musiqa, sheʼriyat va hamjihatlik» xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Unda Islom olami taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSESKO)ga aʼzo 20 dan ortiq davlatdan nufuzli mehmonlar ishtirok etdi. 2023-yilning 25-27 sentabr kunlari Doha shahrida boʻlib oʻtgan Islom dunyosi madaniyat vazirlarining XII konferensiyasida 2025 yilda Samarqand shahri “Islom olami madaniyat poytaxti” sifatida eʼlon qilingan edi. Oʻtgan nufuzli tadbir ham ushbu maqom ostida boʻlib oʻtdi.
Forumda ishtirok etgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha doirasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi:
— Islom olamida oʻxshashi yoʻq megaloyiha — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontenti ustida ishlar qizgʻin davom etmoqda. Ayni paytda beshta asosiy ekspozitsiyani oʻz ichiga olishi kutilayotgan Markazning asosiy qismiga Hazrati Usmon Qurʼoni va dunyodagi eng qadimiy Qurʼon qoʻlyozmalari joylashtiriladi. Birinchi qavatdan "Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari", Birinchi va Ikkinchi Renessans, "Yangi Oʻzbekiston - Yangi Renessans poydevori" singari ekspozitsiyalar oʻrin oladi. Shuningdek, Markazimizdan 500 oʻringa moʻljallangan konferensiyalar zali, kutubxona, oʻquv auditoriyalari ham joylashtiriladi. Binoning ikkinchi qavatida AYSESKO, YuNESKO, TURKSOY, IRCIKA singari xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari uchun alohida xonalar ajratiladi.
Bir necha oylardan keyin ushbu mahobatli markazning ochilish marosimini oʻtkazish kutilmoqda. Ochilish marosimi arafasida “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusida xalqaro global koʻrgazmani tashkil etish rejalashtirilgan. Barchangizni joriy yilning avgust oyi oxirida boʻlib oʻtadigan “Buyuk ajdodlar merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusidagi IX xalqaro kongressimizga va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimiga taklif etaman!", — dedi Firdavs Abduxoliqov.
ISESCO rahbari Salim ibn Muhammad Al-Malik boshchiligidagi hayʼat Toshkentga tashrifi davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan edi.
Samarqandning bu nufuzli maqomga egalik qilishi mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi hamkorlikning samarasi hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekiston AYSESKO bilan taʼlim, fan va madaniyat sohalarida izchil hamkorlik qilib kelmoqda. Islom dunyosi madaniyat vazirlari ishtirokida tashkil etilgan «Islom dunyosining maʼnaviy merosi va madaniy ifodalari: xattotlik, musiqa, sheʼriyat va hamjihatlik» xalqaro forumda tarix, sanʼat va madaniyat kabi sohalarda muzokaralar olib borildi.
AYSESKO tashkiloti 1979 yilda tashkil topgan boʻlib, hozirda 54 davlat uning aʼzosi hisoblanadi. Tashkilot tarixiy yodgorliklarni tiklash, muzeylar, qoʻlyozmalarni muhofaza qilish va madaniy tadbirlarni tashkil etishda muhim rol oʻynaydi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
