Beruniyning aql mashʼali

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda. Bu majmua tariximizda ilgari boʻlmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan. Bunda ilmiy va innovatsion yondashuvlar asosida markaz kontentini boyitish uchun ikki mingga yaqin mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar, dizaynerlar ish olib borishmoqda. Markaziy Osiyodagi sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar konsepsiyasi boʻyicha turli (mulyajlar, maketlar, faksimile, ilmiy-innovatsion media loyihalar) koʻrinishdagi kontentlar tayyorlanmoqda. Aynan shaxslar yoʻnalishida tayyorlanayotgan kontentlarda globusni yaratgan Abu Rayhon Beruniy, nilometrni yaratgan Ahmad Fargʻoniy kabi sharq allomalarining kashfiyotlarini oʻz ichiga qamrab olgan. Masalan, jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan Abu Rayhon Beruniyga bagʻishlangan ekspozitsiyadan uning qoʻlyozmalari, alloma tomonidan yaratilgan globus maketi, hayoti va faoliyati haqida chop etilgan ilmiy nashrlar, multimedia materiallari ham oʻrin olmoqda.

 

Abu Rayhon Beruniy Sharqning uygʻonish asri deb atalmish davrning eng mashhur allomalaridan biridir. U geografiya, matematika, astronomiya, minerologiya, geodeziya, filologiya va boshqa fanlarga oid koʻplab  asarlar, risolalar muallifidir. Beruniy oʻz davrida birinchi boʻlib, yer sharsimon ekanligi va quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikrni olgʻa surgan va yer radiusining uzunligini (taxminan 6000 km) deb hisoblagan.

 

Abu Rayhon Beruniy uchun fanlar oʻrtasida chegara boʻlmagan. Alloma oʻz qoʻlyozmalarida nafaqat hodisalarni tasvirlashga, balki, avvalo taqqoslash va oʻzaro bogʻliqliklarni topishga harakat qilgan. Fanning bu yoʻnalishidagi faoliyati nihoyatda muvaffaqiyatli boʻlgan.

 

“Hindiston” – Beruniyning shoh asarlaridan biri. Bu asarning toʻliq nomi “Kitobu fi tahqiqi mo lil hind min maʼqulatin maqbulatin fil aqli av marzulatin” (“Hindlarning aqlga sigʻadigan va sigʻmaydigan taʼlimotlarini aniqlash kitobi”) deya nomlanadi. Ushbu asarda alloma Yerning harakatlanishi haqidagi oʻz fikr-mulohazalarini bayon etadi. Aynan, shu izlanishlari davomida Beruniy Xristofor Kolumb Amerikani kashf etishidan 500 yil ilgari dengiz sayohatiga chiqmasdan turib, Shimoliy va Janubiy Amerika materiklarining mavjudligini aniqlab bergan. Tadqiqotchi-mutaxassislarning bergan taʼrifiga koʻra, ushbu asar hind fani va madaniyatiga qoʻyilgan haykal hisoblanib, mamlakatning qadimiy va oʻrta asrlar davriga oid ensiklopediyasidir. Beruniy aynan “Hindiston” asarini yozish maqsadida sanskrit tilini mukammal tarzda oʻrganadi. Bu esa olimga yangidan-yangi izlanishlarga yoʻl ochib, Hindiston haqida koʻplab maʼlumotlar va tarixiy bilimlarni oʻzlashtirishiga yordam beradi. Kitobda Hindistonning tabiati, tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, madaniyati, fanlari, dinlari, urf-odatlari, oʻsimlik, hayvonot dunyosi va xalqlari haqida bir qator muhim hamda asosli maʼlumotlarni keltirib oʻtgan. Beruniy oʻz davrining astronomiyasiga katta oʻzgarishlarni va yangiliklarni olib kirdi. Uning asarlarida va ilmiy tadqiqotlarida doimo aniqlikka eʼtibor berilgani ham keyingi asrlarda yaratilgan astronomik ishlarning asosini tashkil etib bergan edi. Manbalarda keltirilishicha, Beruniy 18 yoshidayoq Xorazmdagi rasadxonada mustaqil kuzatuv ishlari bilan shugʻullana boshlaydi. 22 yoshida esa ilk kichik asarlarini yaratadi. U sayyoralar holatiga qarab, odamlarning taqdirini aytib berish mumkin emasligini va bu haqiqatdan yiroq ekanligini kuzatuvlari natijasida toʻliq anglagan. Shu sababdan, sayyoralarning holatiga qarab kishilarning umrini bashorat qilish notoʻgʻri ekanligini oʻzining “Aldamchilik sanʼati” yaʼni “Yulduzlar hukmidan ogohlantirish kitobi”da toʻla bayon etib bergan edi. 

 

Amerikalik tarixchi va jurnalist, mashhur tadqiqotchi, AQShning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Frederik Star qalamiga mansub “Yoʻqotilgan tamaddun” (Lost Enlightenment) nomli kitobda Oʻrta Osiyo tarixi va madaniyatining qadimgi davrlardan Temuriylar davrigacha boʻlgan taraqqiyoti keng yoritilgan. Unda tadqiqotchi Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid izlanishlaridan kelib chiqib, quyidagi fikrlarni bayon etgan: “Kimyo fani sohasida Markaziy Osiyoliklar reaksiyalarni qaytarishga, kristallizatsiyadan kimyoviy tozalashning bir vositasi sifatida foydalanilgan, goʻyo Dmitriy Mendeleyevning 1871 yilgi davriy jadvaliga poydevor yaratish maqsadida muayyan tortishish kuchini oʻlchash va uni chuqur elementlarda qoʻllash kabi yutuqlarga erishdilar”. Bu orqali Frederik Starr Abu Rayhon Beruniyni qadimgi Rim va Yevropa Uygʻonish davri sivilizatsiyalarini oʻzaro bir-biri bilan bogʻlagan mutafakkirdir, deya taʼriflagan. Muallif oʻz asarida Oʻrta Osiyo sivilizatsiyasining shakllanish va rivojlanish bosqichlarini chuqur tahlil qilib, bu mintaqaning jahon ilm-fani va madaniyatiga qoʻshgan ulkan hissasini faktlar asosida ochib bergan. Asar mintaqa ilm-fani va madaniyatining muhim jihatlarini ochib berishi bilan birga uning jahon tamaddunida tutgan oʻrnini anglashga ham yordam beradi. Taʼkidlash joizki, “Yoʻqotilgan tamaddun” asari ilmiy jamoatchilikdan tashqari Oʻrta Osiyo tarixi va madaniyatiga qiziquvchi barcha kitobxonlar uchun muhim va foydali manba sifatida xizmat qiladi.

 

Joriy yil boshida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahridagi Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasida saqlanayotgan, bevosita Oʻzbekiston madaniy merosiga oid ikki noyob qoʻlyozmaning faksimile nusxalari yurtimizga keltirilgan edi. Bulardan biri  alloma Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub “At-Tafhim“ asari (fors tilidagi samo jismlarini oʻrganish masalalariga bagʻishlangan bu asar 1197 yilda koʻchirilgan). Ikkinchi qoʻlyozma esa Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma“ asari boʻlib, u oʻrta asrlarda koʻchirilgan. Qoʻlyozma nastaʼliq xatida, temuriylar kitobat sanʼatiga xos uslubda koʻchirilgan boʻlib, undan 29 ta miniatyura oʻrin olgan. Ushbu miniatyuralarda Kamoliddin Behzod maktabiga xos unsurlar koʻzga tashlanadi. Mazkur qoʻlyozmalar qayerda va kim tomonidan koʻchirilgani hozircha nomaʼlum. Maʼlum qilinishicha, ular oʻn yil avval Niderlandiyada oʻtkazilgan auksion savdosi orqali sotib olinib, Malayziyaga keltirilgan. Oʻshanda kutubxona rahbariyati mazkur qoʻlyozmalarning nusxalari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga topshirishlarini maʼlum qilgan edi.

 

Bu qoʻlyozmalar davlat rahbari gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-innovatsion loyihalar asosida boyitilayotgan muzeyida “Beruniy va dunyo” tarixiy ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilmoqda. Mazkur media loyihada Beruniy asarlari qoʻlyozmalari, alloma tomonidan yaratilgan globus maketi, uning hayoti va faoliyati haqida chop etilgan ilmiy nashrlar, multimedia materiallari ham taqdim etiladi. Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Birinchi renessans davri” ekspozitsiyasidan Leonardo da Vinchining Beruniy chizmalariga asoslangan ixtirolari maketi ham oʻrin oladi. Bu bejiz emas, italiyalik mashhur olim Mario Teddi bergan shov-shuvli bayonotga koʻra, Leonardo da Vinchi oʻz ixtirolarida Beruniy chizmalaridan ilhomlangan. Bu haqiqat esa biz oʻz ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydigan asoslardan yana biridir.

 

 

 

Shuningdek, qayd etish kerakki, muzey ekspozitsiyasidan joy olayotgan Beruniy kashfiyoti boʻlgan globus maketini Italiyaning “Magister Art” kompaniyasi jahon standartlariga mos ravishda ilmiy-innovatsion yondashuvlar bilan yaratmoqda. Bu borada esa xorijlik kompaniya vakillariga mahalliy olimlarimiz asosli va haqqoniy maʼlumotlar, dalillar va faktlarni taqdim etmoqda.

Buyuk alloma merosini yanada keng targʻib qilishda bu kabi yondashuvlar zamirida bir haqiqat bor: Abu Rayhon Beruniy Birinchi Renessans mashʼali va bu hech qachon soʻnmaydi.