Temuriylar Renessansi – muzey ekspozitsiyasida yangi sahifa ochiladi

 

Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarining yaratish masalalari doirasida bir qator muhim muhokamalar oʻtkazilmoqda. Ana shunday muhokamalardan biri Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida boʻlib oʻtdi. 

 

Unda Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasini shakllantirishga oid loyihalar natijasida olingan artefaktlar masalasi koʻrib chiqildi. Olimlar artefaktlarning original boʻlishi, yoki faksimile va mulyaj nusxalari namoyish etilishi, shuningdek, elektron shakldagi eksponatlar masalasini muhokama qilishdi. 

 

 

Maʼlumki, Temuriylar renessansiga oid ashyolarning katta qismi xorijiy muzeylarda saqlanmoqda. Shu bois, ekspozitsiyada bu davrni yaxlit tasvirlay oladigan namunalar jamlanishi lozimligi taʼkidlandi.

 

Yigʻilish davomida tarix, falsafa, diniy maʼlumotlar, adabiyot, tasviriy va amaliy sanʼat kabi yoʻnalishlarning uygʻun holda aks ettirilgan ekspozitsiya yaratish zarurligi aytib oʻtildi. Interaktiv usullar, multimedia texnologiyalarini jalb etgan holda zamonaviy ekspozitsiya tayyorlash gʻoyalari ilgari surildi.

 

Olimlar tomonidan bir qator muhim savollar ham koʻtarildi. Jumladan, videoroliklar qanday shaklda tayyorlanishi kerakligi, adabiy merosga oid qoʻlyozmalar qanday taqdim etilishi — faqatgina varaqlarmi yoki butun asarning raqamli nusxasimi — kabi masalalar muhokama qilindi. 

 

 

Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalarning ekspozitsiyadagi oʻrni alohida eʼtiborda boʻldi.

 

Majlisda ilgari surilgan barcha taklif va mulohazalar, shak-shubhasiz, yangi ekspozitsiya konsepsiyasida oʻz aksini topadi. Temuriylar renessansini xalqaro miqyosda targʻib etish yoʻlida bu kabi tashabbuslar katta ahamiyat kasb etadi.