Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatidagi judolik

 

Oʻzbekiston madaniy merosni saqlash va targʻib qilishga munosib hissa qoʻshgan oliyjanob inson,  yirik davlat va jamoat arbobi, arxeolog olim Zafar Hakimov 82 yoshida vafot etdi. 

 

Zafar Abdullayevich Hakimov 1942 yil 14 avgustda Buxoro shahrida tugʻilgan. 1964 yilda Toshkent davlat universitetini tugatgan. 1964-1985 yillarda Sanʼatshunoslik institutida laborant, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy kotib lavozimlarida faoliyat yuritgan.

 

Zafar Hakimov turli yillarda davlat tashkilotlarida rahbar va masʼul lavozimlarda, xususan 1985-1988 yillarda Oʻzbekiston Badiiy fondi direktori, 1988-1990-yillarda Oʻzbekiston KP markaziy qoʻmitasi madaniyat boʻlimi masʼul xodimi, 1990-1992-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati madaniyat, fan, maʼnaviy tarbiya masalalari boʻyicha yetakchi konsultanti, 1992-1993-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari, Madaniyat vaziri, 1993-1995 yillarda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi oʻrinbosari, 1995-1997 yillarda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi, 1998 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati jamoat tashkilotlari bilan aloqalar boʻyicha yetakchi konsultanti va 1998-1999 yillarda “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti yetakchi ilmiy muharriri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

 

Zafar Hakimov 1999 yildan boshlab “Moziydan sado” ilmiy-amaliy, maʼrifiy jurnalining bosh muharriri lavozimida mehnat qilib kelgan. Jurnal ilmiy jamoatchilik orasida oʻz nufuziga ega edi.

 

Olim 1970-1979 yillarda sovet-afgʻon arxeologik ekspeditsiyasi tarkibida Shimoliy Afgʻonistonda oʻnlab qadimiy voha va manzilgohlarni kashf etishga hissa qoʻshgan. Faoliyati davomida olimning tarix, arxeologiya, arxitektura masalalariga bagʻishlangan 50 dan ortiq maqolalari, monografiya va qoʻllanmalari respublika nashrlarida chop etilgan. 

 

Marhum Madaniy meros agentligining Respublika ilmiy-ekspert Kengashi aʼzosi sifatida faoliyat yuritib kelgan. Oʻz kasbining mohir ustasi sifatida madaniyat sohasida amalga oshirilgan loyihalarda muntazam ishtirok etgan. U tajribali, fidoyi va kamtarin inson sifatida respublika arxeologiya, sanʼatshunoslik ilmiy jamoatchiligi oʻrtasida hurmat qozongan edi.

 

Marhum butun faoliyati davomida mamlakatimiz madaniyati va ommaviy axborot vositalari rivojiga ham beqiyos hissa qoʻshdi. Davlat xizmatining masʼuliyatli sohalarida ishlab, har doim fidokorlik, vatanparvarlik va yuksak kasbiy malakasi  bilan namuna boʻlib keldi. 

 

Atoqli olim, jurnalist, sanʼat va madaniyat arbobi Zafar Hakimov Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalari va tadbirlarida ham faol ishtirok etib, markaz faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oʻz hissasini qoʻshib keldi. 

 

Marhumning yaqinlariga, oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Zafar Hakimovning ezgu ishlari, xalqimiz va Vatanimiz oldidagi fidokorona xizmatlari unutilmaydi, uning porloq xotirasida qalblarimizda yashaydi. 

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi