Yangi Oʻzbekiston tarixi zamonaviy koʻrinishda aks ettiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining "Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori" boʻlimi ekspozitsiyasi "Sila sveta" kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.

 

Ushbu boʻlim orqali Yangi Oʻzbekiston tarixini zamonaviy yondashuvlar asosida namoyish etish maqsad qilingan. Boʻlim tarkibida jami 9 ta yoʻnalish mavjud boʻlib, ularning har biri ekspozitsiya konsepsiyasining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu qismlar orqali mamlakatimizning ijtimoiy, ilmiy, madaniy va iqtisodiy taraqqiyoti aks ettiriladi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ekspozitsiya konsepsiyasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. "Sila sveta" kompaniyasi vakillari, hamkor tashkilotlar, olimlar va soha mutaxassislari qatnashgan yigʻilishda konsepsiyaning umumiy yoʻnalishi, har bir eksponatni muzeyga tayyorlash va hujjatlashtirish tartibi koʻrib chiqildi. Dizayn yechimlari va amalga oshirish bosqichlari ham belgilab olindi. Qatnashchilar kontentni boyitish va milliy qadriyatlarni texnologiyalar yordamida ifodalash boʻyicha takliflar berdi.

 

“Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi mamlakatimizda roʻy berayotgan tub oʻzgarishlarni, milliy tiklanish jarayonini aks ettiruvchi noyob loyiha sifatida shakllanmoqda. Bu ekspozitsiya nafaqat yurtimiz ahli, balki xalqaro hamjamiyat eʼtiborini ham tortuvchi madaniy-maʼrifiy maydonga aylanishi, taʼkidlandi.

 

Kompaniya tomonidan taklif qilingan immersiv shou loyihasiga alohida eʼtibor berildi. Bu texnologiya yordamida mamlakatdagi islohotlar, ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti, qurilish ishlari hamda tarixiy merosimiz jonli va taʼsirchan tarzda namoyish etiladi.

 

Eslatib oʻtish joizki, Markazda Davlat rahbarining topshirigʻiga binoan, Oʻzbekistondagi megaloyihaning ichki mazmuni ham tashqi koʻrinishi kabi ulugʻvor boʻlishi lozimligi tamoyili asosida ishlar olib borilmoqda. Bu yoʻnalishda 2000 dan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar hamda mutaxassislar ishtirokida 800 dan ortiq ilmiy-innovatsion loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur loyihalar uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, ulardan 300 ga yaqini markazning ochilish marosimida taqdim etilishi koʻzda tutilgan.