Sayyid Jalol Husayniy: Oʻzbekistonda 8 yilda asrlarga tatigulik ishlar qilingan!
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Eron Islom Respublikasining Ostoni Qudsi Razaviy Kutubxonalar, muzeylar va hujjatlar markazi rahbari Hujjatul-islom Sayyid Jalol Husayniy boshchiligidagi hayʼat tashrif buyurdi.
Mehmonlarga dastlab Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov markazning tarixi, faoliyati va loyihalari haqida maʼlumot berdi. Ushbu markaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgani, uning asosiy maqsadi Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini oʻrganish va keng targʻib etish, xalqaro miqyosda Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va maʼrifiy merosini tadqiq etayotgan muassasalar va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish ekaniga eʼtibor qaratildi.
— Mashhad shahridagi Ostoni Qudsi Razaviy majmuasi Eronniing maʼnaviy-maʼrifiy markazi hisoblanadi. Bu majmuani har yili mamlakatimizdan va butun dunyodan 30 milliondan ortiq kishi ziyorat qiladi. Majmua bir qator universitet, muzey va kutubxonalar, tadqiqot markazlarini oʻz ichiga oladi. Oʻzbekistonga tashrifimiz asnosida bu yerda Islom dunyosi merosining juda katta qismining saqlanishiga amin boʻldik. Soʻnggi 8 yil davomida yurtingizda janob Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilgani, ayniqsa, maʼnaviy merosni oʻrganish va targʻib etish borasida zalvorli qadamlar tashlanganiga guvoh boʻldik, — dedi Sayyid Jalol Husayniy.
Uchrashuv davomida Majmuaning xalqaro aloqalar boʻyicha rahbari Ibrohim Dovudiy, Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonasining nodir qoʻlyozmalar boʻlimi xodimi Said Amir Mansuriy, Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi madaniyat ishlari boʻyicha maslahatchisi Amir Said Karamiy, ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar tobora rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Hayʼat rahbari Ostoni Qudsi Razaviy majmuasida xorijiy tadqiqotchilar uchun shart-sharoitlar mavjud ekani, u yerda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratib berilishini maʼlum qildi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ikkinchi qavatida Oʻzbekiston madaniy-maʼrifiy merosini tadqiq etayotgan xorijiy tadqiqotchilar va xalqaro tashkilotchilar uchun alohida xonalar ajratilishi maʼlum qilindi.
— Majmuamizda bir milliondan ortiq kitoblar, matbuot nashrlari va nodir qoʻlyozmalar saqlanadi. Ular orasida 150 mingdan ortiq noyob qoʻlyozmalar bor. Biz ushbu qoʻlyozmalarni raqamlashtirish ustida ish olib boryapmiz. Qoʻlyozmalarning 400 dan ortigʻi turkiy (eski oʻzbek) tilda ekanligi aniqlangan. Jumladan, Mir Alisher Navoiy ijodiga mansub 160 ta qoʻlyozma mavjud. Biz ushbu qoʻlyozmalarni tadqiq qilish boʻyicha oʻzbekistonlik olimlar bilan hamkorlikka har doim tayyormiz, — dedi Said Amir Mansuriy.
Mehmonlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Majmua fondida saqlanayotgan XIII asrga mansub, satr ostida turkiy va forsiy tarjimalari bitilgan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi hamda Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari faksimile nusxalarini hadya qilishdi. Oʻz navbatida Firdavs Abduxoliqov Markaz nomidan “Katta Langar Qurʼoni” hamda Husayn Boyqaro qalamiga mansub “Devoni Husayniy” qoʻlyozmalarining faksimile nusxalarini topshirdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
