O‘zbekiston ilm-fanida yangilik: Numizmatika tarixi yaratilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimiz numizmatika tarixiga oid ekspozitsiyalar yaratish rejalashtirilgan. Markaz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekiston numizmatikasi tarixi loyihasi ustida Yaponiyaning Mixo muzeyi maxsus ilmiy xodimi Sergey Laptev ish olib bormoqda:
— Islomdan avvalgi davrda O‘zbekiston hududida zarb qilingan tangalar namunalarining ro‘yxatini shakllashtirib, shaxsiy kolleksiyalardan izlash, dunyodagi muzeylar, xalqaro auksionlarga murojaat qilgan holda ularni topish va nusxalarini yaratib ekspozitsiyaga kiritish harakatlari boshlangan. Bu asosiy vazifadir va buning asosida eng yaxshi natija sifatida bir kitob-albom chiqarish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston hududi tarixda Markaziy Osiyodagi mamlakatlar orasida Buyuk ipak yo‘lida amalga oshirilgan savdo-sotiqda muhim o‘rin tutgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda turli davrlarda tashkil topgan qadimgi, masalan, O‘zbekistonning ilk davlatchiligi asosi bo‘lgan Xorazm, Baqtriya, Sug‘d kabi ilk davlatlar hukmdorlari savdo-sotiq muomalasi uchun o‘z tangalarini zarb qilganini tarixdan bilamiz. Bu esa islomgacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekiston hududida qadimgi davlatchilik boshqaruvlaridayoq tangani zarb qilish mavjud bo‘lganidan dalolatdir. Ammo bu zarb qilingan tangalar haqida yetarli ma’lumotlar mavjud emas. Shu bois O‘zbekiston numizmatikasi tarixi loyihasining amalga oshirilishi O‘zbekiston ilm-fani uchun ahamiyatli yondashuvlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Qayd etish kerakki, numizmatika bu – tangalar haqidagi fan. Ya’ni numizmatika tangalarning tasvirlari, yozuvlari, og‘irligi, qanday metalldan yasalganligi, pul muomalasidagi darajasi va tanga zarb qilinish tarixini o‘rganadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
