Aziz Sanjar: Nobeldan soʻng "Alisher Navoiy"...
Vengriyaning Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida "Turkiy dunyo birligiga qoʻshgan hissasi uchun" Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu yil mukofotga taniqli turk biokimyogari, Nobel mukofoti sovrindori, Oʻzbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Aziz Sanjar sazovor boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aziz Sanjarni samimiy tabriklab, nufuzli mukofotning ilm-fan arbobiga topshirilishi turkiy dunyo olimlari, jumladan, yoshlarni yangi marralarni zabt etishga ilhomlantirishini alohida taʼkidladi.
Turkiy davlatlar tashkilotining buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi mukofoti davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda taʼsis etilgan. U turkiy madaniyatni targʻib qilish, tinchlikni saqlash, xavfsizlikni taʼminlash va ishonchni mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlar oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qoʻshilgan alohida hissa uchun har ikki yilda bir marta topshiriladi.
Aziz Sanjar kim?
Turkiy xalqlar vakillari orasida faqat ikki kishi mashhur Nobel mukofotini olgan xolos. Biri turkiyalik yozuvchi Orxan Pamuk, ikkinchisi esa, Aziz Sanjar.
U 1946 yil 8 sentabrda Turkiyaning Mardin viloyati Savur tumanida kambagʻal oilada sakkiz farzandning yettinchisi boʻlib tugʻilgan. Ota-onasi savodsiz boʻlishsa-da, barcha bolalari taʼlim olishi uchun sharoit yaratib berishgan. Oʻrta maktabni bitirib, 1969 yilda Istanbul universitetining tibbiyot fakultetini tamomlagan. 1971 yilda AQShga koʻchib borgan. Dallasdagi Texas universitetida molekulyar biologiya boʻyicha magistratura va aspiranturani tamomlagan. 1977-1982 yillarda Yel universitetida doktoranturada tahsil olgan. 1982 yildan beri Shimoliy Karolina universitetining Chapel-Xill shahrida yashab faoliyat koʻrsatadi. Turmush oʻrtogʻi — biokimyogar Gven Sanjar (Esta Gwendolyn Boles Sancar), Dallasdagi Texas universitetini tamomlagan. Shimoliy Karolina universiteti professori.
Aziz Sanjar 2015 yilda DNKni tiklash mexanizmlarini oʻrganish boʻyicha Tomas Lindal va Pol Modrich bilan birgalikda kimyo boʻyicha Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan.
2023 yil yanvarida Turkiyaning Mardin aeroporti Aziz Sanjar sharafiga qayta nomlandi. 2025 yil 19 yanvarda AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi Sanjar madaniyat markazida boʻlib oʻtgan marosimda TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev unga “Turkiy dunyoning madaniyat elchisi” medalini topshirdi.
“Oʻzbekistonga mehrim boʻlakcha”
Aziz Sanjar Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga eʼtibori yuksak ekanini hamisha eʼtirof etadi.
2018 yil 16 oktabr kuni Oʻzbekiston Milliy universitetida “Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Anjuman yakunida Aziz Sanjarga OʻzMU faxriy doktori unvoni berildi.
Safar asnosida atoqli olim Aziz Sanjar Oʻzbekistonga kelganidan gʻoyat mamnun ekani, negaki, bu zamin uning uchun qadrli ekanini qayd etdi.
“Men qardoshlarim bilan diydorlashgani keldim. Menga berilgan Nobel mukofoti aslida barcha turkiy xalqlarga tegishlidir. Yashirib nima qildim, ushbu nufuzli mukofotga sazovor boʻlganimdan keyin turli mamlakatlarga takliflar koʻpaydi. Vaqtim kamligi bois takliflarning aksarini rad etishga majbur boʻlaman. Ammo turkiy qardoshlarimning taklifini bajonidil qabul qildim”, – dedi olim.
Turkiyalik professor ilmning yuksak choʻqqilarini zabt etish borasidagi shaxsiy tajribasi xususida ham soʻzlab, bugungi davrda yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish birlamchi vazifa ekanini taʼkidladi.
“Meni Oʻzbekistonga qandaydir moddiy manfaat emas, balki sogʻinch yetaklab keldi. Bu – vatanim oldidagi burchim edi! Eng asosiysi, men bu yerga yoshlarda ilmga ragʻbat uygʻotish maqsadida tashrif buyurdim. Bugun biz turkiy dunyo yoshlarida ilmga ragʻbatni kuchaytirmogʻimiz lozim”, – degandi professor Aziz Sanjar.
Atoqli olim, xususan, zamonaviy bilimlar, Gʻarb fani yutuqlarini oʻzlashtirish muhim ekaniga eʼtibor qaratdi.
“Ilm-fansiz jahonda hurmat-eʼtibor qozonib boʻlmaydi. Bunga esa turk dunyosi bir yoqadan bosh chiqaribgina erishishi mumkin. Hamkorlikda ishlashda gap koʻp. Bizni umumiy til, din va tarixiy ildizlar bogʻlab turadi. Birgalikda koʻp ishlarga qodirmiz, jumladan, ilm-fan sohasida ham yuksak choʻqqilarni egallay olamiz”, – dedi olim.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
