Oʻmondagi binolarda Buxorodagi Mir arab madrasasi bezaklaridan andoza olingan
Oʻzbekistonning Oʻmon sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Hotamov Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Martabali mehmon va Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi arafasida oʻtkazilishi kutilayotgan xalqaro koʻrgazma va boshqa muhim tadbirlar doirasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mustaqillik bayrami arafasidagi global madaniy voqelik – "Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki" shiori ostida tashkil etilayotgan xalqaro koʻrgazmada Oʻmon muzeylari va kutubxonalarining ishtiroki, shuningdek, mamlakatdan taklif etiladigan rasmiy va faxriy mehmonlar haqida fikr almashildi. Alohida taʼkidlash kerakki, bugungi kunda Oʻmon sultonligi Milliy muzeyi mazkur xalqaro koʻrgazmada ishtirok etish niyatini bildirgan va 33 ta qimmatli eksponat roʻyxatini Islom sivilizatsiyasi markaziga yuborgan.
Eslatib oʻtamiz, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan dunyodagi 40 ga yaqin nufuzli kutubxona va muzeylar Oʻzbekiston tarixi va madaniyatini keng namoyish etadigan xalqaro koʻrgazmada ishtirok etadi. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston va Oʻmonni bogʻlab turuvchi tarixiy va maʼnaviy jihatlarga bagʻishlangan qisqa metrajli videofilm tayyorlash taklifi bildirildi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida Oʻzbekistonning Oʻmondagi elchisi Abdusalom Hotamov faxrlanishga arziydigan maʼlumot bilan oʻrtoqlashdi. Uning maʼlum qilishicha, Buxorodagi Mir arab madrasasi bezaklari Oʻmondagi binolarda aks etgan, Samarqanddagi Shohi Zinda tarixiy yodgorlik muqarnaslari bezaklaridan esa Oʻmon sultonligi qirol taxtini tayyorlashda foydalanilgan. Shuningdek, Oʻmonning Suhor shahridagi masjidlardan biri Samarqand andozasida qurilganligi qayd etildi.
Muloqot davomida tomonlar kelgusidagi amaliy hamkorlik, axborot va madaniy loyihalarni rivojlantirish yuzasidan kelishib oldilar. Uchrashuv yakunida Oʻmon OAV vakillarini Markaz ochilish marosimidagi tadbirlarni yoritishga jalb qilish boʻyicha ham fikr almashildi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
