Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyati dunyo nigohida

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning oktyabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligi yuqori saviyada nishonlandi. Imom Termiziy ilmiy merosining mohiyati va bugungi kundagi ahamiyatini ochib berish hamda keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targ‘ibot, uning asarlari tarjimasi va nashrga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.  

Termizda bo‘lib o‘tgan Imom Termiziy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman dunyoning 10 ga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar Davlat rahbarining BMTning yuksak minbaridan turib ushbu anjumanni o‘tkazish haqidagi tashabbusi o‘z vaqtida bo‘lgani va bugungi kunda har doimgidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. 

Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi olim va tadqiqotchilari Mirzo Kenjabek, Najmiddin Fayoziy va boshqalar ham o‘z ma’ruza va loyihalari bilan qatnashib, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qator ishlar xususida ham so‘z yuritishgan.

Imom Termiziy o‘zining hayotini, butun borlig‘ini, iqtidorini Islom dinining rivojiga, hadis ilmining ravnaqiga baxshida etgan. Hayotining asosiy qismi hadis to‘plash va rivoyat qilish bilan o‘tgan. Imom Termiziy chinakam olim, zohid sifatida kechayu kunduz ilm bilan, toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan. Manbalarda hayotining so‘nggi ikki yilida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgani haqida ma’lumotlar bor.