Toshkent yaqinidan VI asrga oid bronza tanga topildi

Toshkent yaqinida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida VI asrga oid noyob bronza tanga topildi. Unda sugʻd yozuvida bitilgan “Twrk xʼγʼn” – “Turk xoqoni” iborasi mavjud boʻlib, turk soʻzining tarixdagi eng qadimgi namunasi boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.
Topilmani aniqlagan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi professori Gʻaybulla Boboyorovning soʻzlariga koʻra, mazkur topilma turk etnonimining maʼlum boʻlgan qoʻllanilish tarixini taxminan 150 yilga suradi. Ilgari bu atamaning eng qadimgi qaydlari VIII asrga oid Oʻrxun-Enasoy yozuvlarida uchragan. Topilgan tanga esa miloddan avvalgi 580-610-yillarga oid.
Professor Boboyorov taʼkidlashicha:
- Choch va Fargʻona tangalarida “Turk xoqon” iborasining aniqlanishi turkiy xalqlar oʻtmishi bilan bogʻliq koʻplab qarashlarni oʻzgartirib yubordi. Shu kunlargacha “turk” atamasi VIII asr boshlarida yozilgan Tunyuquq, Kul tegin va Bilga xoqon bitiktoshlarida saqlanib qolgan edi. Tangalar esa ulardan ancha oldin – 150 yil ilgari zarb qilingan.
Shuningdek, mutaxassis:
- Qoʻlimizda Gʻarbiy Turk xoqonligiga tegishli yaxshi saqlangan tangalar bor. Ularni Islom Sivilizatsiyasi markaziga topshirish va shu yoʻsinda ushbu tangalarni birgina yurtdoshlarimizga emas, butun qardosh ellarimizga, oʻtmishimiz bilan qiziquvchi barchaga taqdim qilish istagimiz bor, - deya qoʻshimcha qildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi