Indoneziya nashrida Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola chop etildi


 

Indoneziyaning "Antara" axborot agentligi "Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: meros va bilim" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Nashrda Markaz Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 23 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgani, bu ulkan qurilish inshootiga ilk tamal toshi 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni qoʻyilgani maʼlum qilingan.

 

Markaz faoliyati islom  asrab-avaylash, islom tarixidagi alloma va mutafakkirlarning ulkan hissalarini oʻrganish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani taʼkidlangan.

 

"Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jamiyatda insonparvarlik, milliy tarixga hurmat va bagʻrikenglikni targʻib qilish, ijtimoiy barqarorlik va dinlararo totuvlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan", – deyilgan materialda

 

Taʼkidlanganidek, bagʻoyat ulugʻvor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi meʼmoriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uygʻunligi unga alohida koʻrk va salobat bagʻishlagan. "Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi – qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi", – deb yozilgan nashrda

 

Qayd etilganidek, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniyatlararo va konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar, xususan, YuNESKO, AYSESKO bilan hamkorlikni jadallashtirish Markazning asosiy vazifalariga kiradi.