Oʻzbekiston xalqaro forumda ishtirok etmoqda

Qozon shahrida XVI Xalqaro iqtisodiy forum — «Rossiya – Islom olami: KazanForum» boʻlib oʻtmoqda.
Mazkur nufuzli anjuman Islom Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida oʻtkaziladi va xalqaro miqyosdagi oʻziga xos muloqot maydoni hisoblanadi.
Forum doirasida turli sohalar — iqtisodiyot, savdo, investitsiya, taʼlim, ilm-fan, madaniyat, turizm va ommaviy axborot vositalari sohalaridagi hamkorlik masalalari yuzasidan konferensiyalar, taqdimotlar, davra suhbatlari va biznes uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Forumda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakili Gulnora Gʻaniyeva oʻz chiqishlari bilan ishtirok etmoqda. U islom merosining ilmiy asosda oʻrganilishi, madaniy muloqotni rivojlantirish, islom sivilizatsiyasining jahon tarixi va hozirgi taraqqiyotdagi oʻrni, shuningdek, Oʻzbekistonning bu sohadagi xalqaro loyihalardagi ishtiroki haqida maʼlumot berdi. Shu bilan birga, xalqaro ekspertlar bilan fikr almashuvlarda qatnashib, yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatiga ega boʻldi.
Ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekistonda Islom merosi va ilm-fan taraqqiyotiga qaratilayotgan eʼtibor, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom akademiyasi va boshqa muassasalar faoliyati alohida eʼtirof etildi.
“Rossiya – Islom olami: KazanForum” – nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, Islom dunyosi bilan oʻzaro anglashuv va tinchlikni taʼminlashda muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda. Forum 17 maygacha davom etadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi