ISMda texnik topshiriqlarni tayyorlash va amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy tarixiy merosi, ulkan ilmiy salohiyati va yuksak maʼnaviyatining yorqin namunasi sifatida bunyod etilmoqda. 



 

Sentabr oyida ochilishi kutilayotgan  Markaz ekspozitsiyalarini shakllantirish jarayoni jadal surʼatlarda davom etmoqda. Xususan, ishchi guruh aʼzolari ishtirokida oʻtgan yigʻilishda dastlabki bosqichdagi texnik topshiriqlarni tayyorlash va amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

 

 

Uchrashuvda alohida eʼtibor Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari va Ikkinchi Renessans davriga oid boʻlimlar uchun tayyorlangan texnik topshiriqlarga qaratildi. Mutaxassislar ushbu tarixiy davrlarning bebaho merosini aks ettiruvchi eksponatlar va kontentlarni yaratish boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, Markaz uchun kontentlarni shakllantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion loyihalar doirasida tayyorlangan texnik topshiriqlarni amaliyotga joriy etish, yaʼni ularni zamonaviy kontent koʻrinishida taqdim etish yuzasidan ham faol fikr almashildi.

 

 

Maʼlumot uchun qayd etish joizki, Markazning muzey fondi va kontentini boyitishga 2000 dan ortiq yetuk olimlar, tarixchilar, sanʼatshunoslar, arxivshunoslar va dinshunoslar jalb etilgan. 800 dan ortiq ilmiy va innovatsion loyihalar ishlab chiqilgan boʻlib, ular asosida ekspozitsiyalarda maketlar, devoriy matnlar va zamonaviy interaktiv yechimlarni joriy etish rejalashtirilgan. Ayni paytda mutaxassislar birinchi bosqichdagi 400 dan ortiq loyihani amaliyotga tatbiq etish ustida qizgʻin ish olib bormoqdalar. Bu borada olimlar va mutaxassislar bilan 200 dan ortiq shartnomalar imzolangan.