Tojikistonda Amir Temur hayoti haqida o‘zbek tilida bitilgan eski qo‘lyozma topildi

“Sharq Renessanslari fonemeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar, kashfiyotlar" — O‘zbekistondagi xalqaro madaniy meros haftaligida buyuk sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida o‘zbek tilida bitilgan eng eski qo‘lyozma haqida ma’lumot berildi. Bu haqda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati a’zosi, Tojikiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olim Badriddin Maqsudov anjumandagi ma’ruzasida ma’lum qildi.

Olimning aytishicha, “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” deb nomlangan bu kitob Amir Temur haqida yozilgan va shu paytga qadar yetib kelgan turkiy qo‘lyozmalarning hozircha eng qadimiysi bo‘lishi mumkin.

Ma’lumki, Amir Temur haqida ayni paytga qadar o‘nlab, ilmiy, tarixiy va badiiy asarlar yaratilgan. Ular qatorida Amir Temurning o‘ziga nisbat beriladigan “Temur tuzuklari”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirxond va Xondamirning “Ravzatus-safo”, Ibn Arabshohning “Ajoyib ul-maqdur fiy navoibi Taymur”, Rui Gonzales Klavixoning “Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” singari o‘nlab asarlarni qayd etib o‘tish mumkin.

Amir Temur haqida o‘z davrida ham, undan keyin ham turkiy tilda ko‘plab asarlar yaratilgan bo‘lishi mumkin. Bizga qadar yetib kelgan hujjatlar orasida Amir Temurning turkiy tilda bitilgan yorliqlari ham mavjud.

Dushanbeda topilgan kitobning xotimasida hijriy 1027-yil rajab oyi sanasi qayd etilgan. Bu 1618-yilning iyun-iyul oylariga to‘g‘ri keladi. Bu asarning ko‘chirilgan sanasidir, asarning o‘zi undan ham avval yozilgan bo‘lishi mumkin. Chunki, qo‘lyozmaning kolofonidagi mana bu bayt dastxat muallifga emas, kotibga tegishli ekanini bildiradi:

Garchi loyiq nist in xat dar kitob

Lek az bekori kardan behtar ast.

(Garchi bu xat ushbu kitobga munosib bo‘lmasa-da, lek bekorchilikdan yaxshiroq)

Shundan kelib chiqsak, bu kitob 1618-yilda emas, balki undan ham avvalroq yozilgan, degan xulosaga borish mumkin. Olimlar kitob muqaddimasidan muallif va u yashagan davrdagi hukmdor nomini ham aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Bu asarning bir qancha nusxalari Toshkentda ham saqlanadi. Xususan, “Og‘ozi dostoni Amir Temur Ko‘ragon” deb qayd qilingan qo‘lyozma ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. 112 varaqdan iborat bu qo‘lyozma Muhammadxoja ibn Ja’farxoja asarining keyingi davrlarda ko‘chirilgan nusxasi bo‘lishi mumkin.

"Manoqibi Amir Temur Sohibqiron" kitobi tarixiy ma’lumotlardan ko‘ra ko‘proq xalq orasida keng tarqalgan afsona va rivoyatlarga asoslangan. Buni asarda Amir Temur davrida yashamagan bir qator tarixiy shaxslarning unga zamondosh qilib ko‘rsatilganidan bilish mumkin. Shuningdek, Amir Temurning tug‘ilishi, jang manzaralari, shayxlarning karomatlari xalq kitoblaridagi mo‘jizakor harakatlarni yodga soladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari tomonidan Dushanbedan topilgan bu noyob qo‘lyozmaning nusxasini taniqli tarixchi va manbashunos olimlarimiz yordamida chuqur tadqiq etish hamda kelgusida ushbu qo‘lyozmaning faksimile nusxasi va joriy alifbodagi matnini chop etish rejalashtirilgan.