Xotirlash va qadrlash — oʻzbek xalqiga xos qadriyat!
Oʻzbekistonda har yili 9 may — Xotira va qadrlash kuni milliy ruh, tarixiy xotira va insoniy qadriyatlarni ulugʻlash shukuhida nishonlanadi. Bu sana erkinlik, tinchlik va qadriyatlarni asrab kelayotgan xalqimiz jasoratiga bagʻishlangan ramziy kundir. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulugʻdir.
Bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlash, uning uchun kurashgan va jon fido etganlarni xotirlash har birimizning fuqarolik burchimiz deyilsa, mubolagʻa boʻlmaydi. Xotira va qadrlash kuni — bu nafaqat urush qatnashchilari va fidoiylarni yod etish, balki yosh avlodni Vatanga sadoqat, tarixga hurmat va insonparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim bosqichidir.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng mudhish fojialardan biri sifatida qayd etiladi. Urush yillarida Oʻzbekistondan frontga 1,5 milliondan ortiq inson joʻnab ketdi. Ularning koʻpchiligi jang maydonlarida jasorat va fidokorlik koʻrsatib, shonli tarix yaratdi. Ularning orasida Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini olganlar, orden va medallar bilan mukofotlanganlar koʻp. Bular qatorida Toʻychi Erjigitov, Zebiniso Hamidova, Mamadali Topvoldiyev kabi qahramonlar xalqning iftixoriga aylandi.
Bir vaqtning oʻzida oʻzbek zamini evakuatsiya qilingan minglab odamlarga panoh boʻldi. Respublikaga koʻchirilgan korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, bolalar uylari tashkil qilindi, madaniyat va maʼrifat ziyolilari uchun sharoit yaratildi. Buning barchasi xalqimiz bagʻrikengligi, jasorati va odamiyligida yorqin namoyoni boʻldi.
Urush dahshatlariga guvoh boʻlgan kishilarga eʼtibor berilsa, ular qoʻllarini duoga ochganda yurt tinchligiga, shunday kunlarga yetib kelganiga shukronalik keltiradi. Ayni paytda yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning hamjihatligi eng katta boyligimiz ekanini, bunday osuda hayotning qadriga yetishni, uni asrab-avaylash zarurligini taʼkidlaydi.
Shu oʻrinda Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, ogʻir kunlarni yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham oʻzligini yoʻqotmagan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom koʻrsatish tom maʼnoda milliy qadriyatga aylandi. Shu bois har yili may oyida mamlakatimizning turli hududlarida urush qatnashchilari, mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.
Xotira va qadrlash kuni — faqat oʻtmishni yodga olish emas, balki bugungi kunni, tinchligimizni, ertangi kelajagimizni qay darajada qadrlashimiz, bu yoʻlda oʻz burchimizga qay darajada sodiqligimizni ham koʻrsatadi. Xotirani asrash, uni ehtiyot qilish — bu bizning oʻzimiz va avlodlar oldidagi axloqiy burchimizdir.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
