Kengaytirilgan Ilmiy kengashning navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengashning navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda Kengash aʼzolari, Ishchi guruh rahbarlari, jumladan, OʻzR FA vitse prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva, akademik Akbar Hakimov kabi bir necha olimlar hamda Markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etdi.
Qizgʻin munozaralarga boy oʻtgan yigʻilishni Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Yigʻilish avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini boyitish maqsadida 2025 yil 25 apreldan 2 mayga qadar Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Buyuk Britaniyaning London shahriga qilgan xizmat safari davomida dunyodagi mashhur "Sotheby's" va "Christie's" auksion uylaridagi savdolarda ishtirok etgani haqida axborot berildi.
Safar doirasidagi uchrashuvlarda, tashkiliy masalalarda Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, elchixona masʼul xodimi Jasur Valiyev tomonidan amaliy koʻmak koʻrsatilganligi alohida qayd etildi.
Xizmat safari davomida delegatsiya aʼzolari ishtirok etgan “Sotbis” va “Kristis” savdo uylari auksionlarida kimoshdi savdosida Oʻzbekiston madaniy merosiga, xususan, Islomgacha boʻlgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda xonliklar davriga tegishli nodir osori-atiqalar ham borligi maʼlum qilindi.
Markaz delegatsiyasi ishtirok etgan mashhur “Sotbis” va “Kristis” auksionlarida oʻtkazilgan Hindiston va Islom sanʼati namunalariga bagʻishlangan savdolarda Boburiylar davriga oid 2 ta xanjar (bittasi qini bilan), bitta qilich (qini bilan), bitta qimmatbaho xanjar dastalari mavjudligi shular jumlasidanligi taʼkidlandi.
– Mazkur savdolarda Oʻzbekiston madaniy merosiga bevosita aloqador boʻlgan 60 ga yaqin lot saralandi. Ular orasida Islomning tarqalish davriga oid 9 ta nodir Qurʼon fragment va sahifalari, 3 ta Qurʼon qoʻlyozmasi mavjud. Jumladan, Amir Temur topshirigʻiga asosan xattot Umar Aqtaʼ tomonidan koʻchirilgan ulkan Qurʼon qoʻlyozmasining bir parchasi (Boysungʻur Qurʼoni) muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, Londondagi “Kristis” auksionida ham savdoga qoʻyilgan tarixiy eksponatlarda qoʻlyozmalar, miniatyuralar, xalq amaliy sanʼati namunalari borligiga guvoh boʻldik, – dedi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Shu bilan birga, yigʻilishda Buyuk Britaniyada istiqomat qiladigan Ali Saruxani, Sem Fogg, Mehmet Keskiner, Dovud Shoh, Bilal Sutchi singari kolleksionerlarning shaxsiy toʻplamlarida saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid tarixiy durdonalar bilan tanishib chiqilgani haqida ham axborot berildi. Xaliliy kolleksiyasi vakillari bilan xalqaro koʻrgazma boʻyicha kelishib olingani, qolleksionerlardan ushbu nodir artefaktlarni Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazmaga olib kelish yuzasidan muzokaralar olib borilgani maʼlum qilindi.
Alohida eʼtirof etish joizki, Oʻzbekiston bunday nufuzli xalqaro auksionda birinchi marotaba ishtirok etmoqda va olimlarning taʼriflashicha, bu juda katta tarixiy voqelik. Bunday imkoniyat yaratilgani uchun Markazning Ilmiy kengashi aʼzolari, olimlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorchilik izhor etib, delegatsiyaning Buyuk Britaniyadagi samarali va manfaatli safarini juda katta mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Yigʻilishda Markaz ekspozitsiyasi uchun xorijiy muzeylardan auksion orqali tanlab olingan eksponatlar yuzasidan akademik Akbar Hakimov maʼruzasi ham tinglandi.
Akademik Akbar Hakimovning soʻzlariga koʻra, xorijdagi bunday nufuzli auksionlarda ishtirok etish kishiga faxr va iftixor tuygʻusini beradi.
– Auksion jarayonlari juda qiziq oʻtdi va shu bilan birga, juda ham hayajonli. Auksionda Oʻzbekiston tarixi, madaniyatiga doir noyob, qimmatli artefaktlar taqdim etildi. Biz artefaktlarning asilligiga, qiymatiga va muzey uchun ahamiyatliligiga eʼtibor qaratdik. Ushbu 60 ga yaqin eksponatlar Markaz ekspozitsiyaning brend mahsulotiga aylanishi mumkin, – dedi Akbar Hakimov.
Buyuk Britaniyada boʻlgan samarali xorij safari ilmiy kengash aʼzolari tomonidan iliq kutib olindi. Tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova nufuzli xorij safarini Oʻzbekiston tarixi uchun muhim voqelik deya tarifladi.
– Bu kabi auksionlarda ishtirok etish Oʻzbekiston uchun juda ahamiyatli. Chunki bizning tariximiz va madaniyatimizga aloqador eksponatlar xorijda koʻp va ular butun dunyo uchun qiziq. Bu kabi tadbirlarda ishtirok eta olmasak, bizning nodir va qimmatli osori-atiqalarimizni boshqalar tanlab olishlari mumkin. Davlatimiz rahbari bergan ishonch va vazifa toʻlaqonli bajarilmoqda deb oʻylayman, – dedi Jannat Ismoilova.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov soʻzlariga koʻra, bu kabi auksionlarda ishtiroklar sonini koʻpaytirish lozim. Olim eksponatlar orasida qimmatli va nodir kitoblar – temuriylar davrida koʻchirtirilgan Qurʼoni karim nusxalari borligini alohida eʼtirof etdi.
– Markaz ekspozitsiyasi uchun xorijiy muzeylardan mamlakatimiz uchun qimmatli boʻlgan nodir eksponatlar tanlab olish tadbirlaridagi ishtirokni koʻpaytirish kerak. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi ochilgandan soʻng ham bu ishni bardavomligini taʼminlash kerak. Markazda ushbu eksponatlarni namoyish etadigan alohida maxsus burchak tashkil etilsa maqsadga muvofiq boʻladi, – dedi B.Abduhalimov.
Yigʻilishda markaz ekspozitsiyasi uchun foydalaniladigan vitrinalarni yasash boʻyicha “Glasbau Hahn” kompaniyasi rahbari Ezabel Han taqdimot qildi. Unga koʻra, markaz ekspozitsiyasi vitrinalari Germaniyada faoliyat yuritayotgan “Glasbau Hahn” kompaniyasi tomonidan yasaladi.
– Kompaniyamiz tashkil etilganiga qariyb 200 yil boʻldi. Unga bobom asos solgan. Hozirga qadar vitrinachilik bizga avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda. Kompaniyamiz tomonidan yasalgan vitrinalar dunyoning nufuzli muzeylaridan joy olgan. Oʻzbekiston uchun ham bir nechta vitrinalar yasab berganmiz. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun zamonaviy va qulay, koʻchirsa, kengaytirsa va turli formatlarga solsa boʻladigan vitrinalarni taqdim etyapmiz. Bunda mahalliy olimlarning fikri biz uchun qiziq, – dedi Ezabel Han.
Maʼlumot uchun, “Glasbau Hahn” kompaniyasi dunyoning nufuzli kompaniyalari orasida eʼtirof etilgan, kompaniya standartlarga koʻra jahonning top 3 lik kompaniyalar safida turadi. Yigʻilishda kengash aʼzolari kompaniya vakillariga vitrinalar yasashda nodir qoʻlyozmalarga zarar keltirmaslik tartiblari, noyob eksponatlarni sifatli va xavfsiz saqlashga ahamiyat qaratilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Kengash aʼzolari tomonidan “Glasbau Hahn” kompaniyasi rahbari Ezabel Hanning taqdimoti qabul qilindi.
Shuningdek, yigʻilishda Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari ekspozitsiyasi boʻyicha “Magistr art” dizayn kompaniyasining taqdimoti, Birinchi Renessans ekspozitsiyasi “Outdoor factory” dizayn kompaniyasining taqdimoti tinglandi. Shuningdek, Vaqt devori ekspozitsiyasining yuqori qismi uchun yaratilgan pannolar va ITsM binosi tarkibidagi Anjumanlar zali vestibyuli uchun yaratilishi taklif qilinayotgan mahobatli rangtasvir konsepsiyasi boʻyicha masʼullar chiqishlari muhokama etildi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi devorlaridan mahobatli rangtasvir asarlari oʻrin oladi. Vaqt devori ekspozitsiyasining yuqori qismi uchun yaratilgan pannolar va markaz binosi tarkibidagi Anjumanlar zali vestibyuli uchun yaratilishi taklif qilinayotgan mahobatli rangtasvir asari konsepsiyasi kabi masalalarga ham eʼtibor qaratildi.
Devorlarda aks etadigan mahobatli rangtasvir asarlari 3 davrni oʻz ichiga oladi. Bular Islomdan avvalgi davr, Birinchi Renessans davri va Ikkinchi Renessans davri hisoblanadi. Rangtasvir asarlarida Oʻzbekistonning mashhur rassomlari ish olib borishmoqda. Islomdan avvalgi davrdagi Qadimgi Sugʻd, Baqtriya, Choch, qadimgi Fargʻona singari yurtimiz hududida mavjud boʻlgan qadimiy davlat tuzilmalari, oʻsha davrlarda yashab oʻtgan ajdodlarimizning hayoti, turmush tarzi haqida barelef koʻrinishidagi tasviriy asarlar ishlanadi.
Davrga mansub xarita, mehnat qurollari va manzara ham aks ettirilishi mumkin, degan taklif ilgari surildi. Birinchi Renessans va Ikkinchi Renessans davri uchun tayyorlanadigan mahobatli rangtasvir asarlarida esa Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Bahovuddin Naqshband, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk shaxslar qiyofasi gavdalantiriladi.
Bu asarlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuruvchilarga faqat artefakt va eksponatlarning tomoshasi bilan cheklanib qolmay, devorlarda aks etadigan mahobatli rangtasvir asarlari orqali Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, madaniy merosi haqida muayyan tasavvurlar olish imkonini yaratadi.
Yigʻilish davomida, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangi logotipi namoyish etildi. Yigʻilishda ilmiy kengash aʼzolari eʼtiboriga turli koʻrinishdagi logotiplar taqdim etildi. Ular orasidan boʻlajak logotip tanlab olindi. Tavsiya qilingan logotipda Markazning yangi muhtasham binosi va uning tepasi uzra ramziy maʼnoda nur taralmoqda. U goʻyoki atrofga Markazdan islom nuri, ilm-fan va ziyo tarqatayotganiga ishora qilayotgandek. Birlamchi zaruriy ehtiyoj yuzasidan logotip shakli qabul qilindi.
Yigʻilishda shu kabi oʻnga yaqin maslalar muhokama etildi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
