Imom Buxoriy innovatsion muzeyi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda ulug‘ muhaddis olim Imom Buxoriyning merosini o‘rganish va tadqiq etish, u kishi mangu orom topgan maskanni obod qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari har gal Samarqandga tashrifi chog‘ida ushbu tabarruk ziyoratgohlarni tiklash, ularning tarixi va mazmunini to‘g‘ri talqin qilib yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib kelmoqda. Prezidentimiz topshirig‘iga asosan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va alloma nomi bilan ataluvchi majmuada qurilayotgan Imom Buxoriy inovatsion muzeyining kontentini yaratish bo‘yicha Turkiyaning "Outdoor Factory" kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy innovatsion muzeyi konsepsiyasini va dizaynini takomillashtirish, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov ochib berdi.
Joriy yil 18-26-oktyabr kunlari yuqori saviyada o‘tkazilgan “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzuidagi xalqaro madaniy meros haftaligi doirasida mahalliy va xorijlik ekspertlar ishtirokida Imom Buxoriy innovatsion muzeyi taqdimoti o‘tkazilgani, shu bilan birga, innovatsion muzey pavilonlarining “Outdoor Factory” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan konsepsiyasi va dizayni hamda uni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirilgani aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Din ishlari bo‘iycha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimovlar ishtirok etib, innovatsion muzeydan o‘rin oladigan har bir kontent ilmiy asoslanishi maqsadga muvofiq ekanligini aytib o‘tildi. Samarqanddagi Imom Buxoriy innovatsion muzeyi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2022-yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan yaqindan tanishib qaytganlaridan so‘ng, 2022-yil 24-avgust kuni Imom Buxoriy majmuasi qurilishiga tashrifi davomida berilgan ko‘rsatmalari asosida barpo etilmoqda. Hurmatli Prezidentimiz tomonidan Imom Buxoriy majmuasi va uning tarkibidagi innovatsion muzeyini barpo etish borasida: “Imom Buxoriy bobomizning qadrini yanada ko‘tarish, jahonga baralla aytishga asos yaratish”, shuningdek, “Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixini innovatsion axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatish xalqimizga yana bir ma’naviy xazina bo‘ladi” , - degan fikrlari asosiy maqsad qilib olingan.
Innovatsion muzey 9 pavilondan iborat bo‘ladi. Dastlab payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam va boshqa payg‘ambarlar haqida ma’lumotlardan boshlab, Imom Buxoriyning hayoti, ilm yo‘li, uning buyuk fenomenal xotiraga ega ekani, fazilatlari, Imom-Buxoriy avlodlari haqida xronologik tarzda ma’lumot beruvchi videofilmlar namoyish etiladi. Qadimiy ashyolar, qo‘lyozmalar, muqaddas dinimiz tarixiga oid manbalar zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida namoyish etiladi. Muzeyga islomning ikkinchi yozma manbasi “Al-Jomi’ as-sahih” asarining qadimgi nusxalari qo‘yiladi. Bolalar 5 D shaklida uchar gilamga o‘tirib qadimgi davrlarga sayohat qilishi mumkin. Shuningdek, tomoshabinlar Imom Buxoriy merosining bugungi kundagi ahamiyati, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy islohotlar va Imom Buxoriy me’rosiga berilayotgan e’tibor haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishadi.
Ishtirokchilarning fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan ilmiy-ijodiy yig‘ilish Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasi mazmunini boyitishda juda foydali bo‘ldi. Chunki bildirilgan fikrlar, taklif va mulohazalarda asosan o‘sha davr ruhini nafaqat innovatsion usullar bilan balki, eksponatlar bilan, Imom Buxoriy o‘qigan maktab va madrasalar maketlari, shaharlar ko‘rinishlari bilan namoyish qilishga qaratildi. Imom Buxoriyning buyuk alloma bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shgan ustozlari, u bilan bir davrda yashab ijod qilgan muhaddislar va buyuk ajdodimiz shogirdlari haqida ham qo‘shimcha ma’lumotlar qo‘shish kerakligi ta’kidlandi.
Imom Buxoriy merosiga islom olamida juda katta qiziqish va hurmat bilan qaraladi. Shu bois, muzey ekspozitsiyasini boyitishda jahon tajribasini hisobga olish, Imom Buxoriyning ma’naviy merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun islom olamining merosi ekanligi hisobga olinishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida:
- Imom Buxoriy ordeni bilan taqdirlangan xalqaro va mahalliy mutasaddilar fotoekspozitsiyasini tashkil etish;
- Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasi uchun tayyorlanadigan barcha tushuntirish matnlarini tayyorlash ishlarini yakuniga yetkazish;
- innovatsion muzey devoriy pannolarida aks etadigan inshootlar haqidagi ma’lumotlar, rasmlar, xaritalarni Toshkent arxitektura va qurilish institutidan olish;
- Yangi O‘zbekistonda Imom Buxoriy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar fotoko‘rgazmasini yaratish;
- Imom Buxoriy innovatsion muzeyi konsepsiyasiga Imom Buxoriyning izdoshlari va ular haqidagi ma’lumotlarni kiritish hamda ekspozitsiyada namoyish etish;
- bugungi kunda dunyoda Imom Buxoriy nomi bilan ataladigan kutubxonalar, muzeylar, universitetlar, filmlar, dasturlar, ilmiy markazlar va boshqalar mavjud, shu munosabat bilan, Muzeyda “Imom Buxoriy va dunyo” deb nomlangan alohida ekspozitsiya tashkil qilish lozim bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
