Islom sivilizatsiyasi markazi va Italiya mutaxassislari ekspozitsiya boʻyicha hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Italiyaning “Magister Art” kompaniyasi vakillari bilan "Birinchi Renessans davri" ekspozitsiyasining dizayni va artefaktlar joylashuviga bagʻishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda kompaniyaning kreativ direktori Alessandra Kostantini, mashhur arxitektor Laura Peretti, Markaz xodimlari hamda ilmiy kengash aʼzolari ishtirok etdi.
Uchrashuvda loyiha ishtirokchilari tomonidan ekspozitsiyaning Islom ilmlari, aniq va tabiiy fanlar, Bogʻdod va Xorazm Maʼmun akademiyalari kabi sektorlar, meʼmorchilik boʻlimi uchun yasaladigan maket muhokama qilindi.
Islom ilmlari sektorida hadis va siyrat, tafsir, kalom, fiqh hamda tasavvuf kabi yoʻnalishlarda Movarounnahrdan yetishib chiqqan allomalar faoliyatini yoritish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 8 ta kapsula va ularning ichida joylashadigan artefaktlar muhokama markazida boʻldi.
Dunyo boʻylab madaniy va maʼrifiy tadbirlar, xalqaro koʻrgazmalarni tashkil etib kelayotgan Italiya kompaniyasi ekspozitsiyaning tarkibiy qismlari, uning vizual va konseptual mazmunini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berdi. Jumladan, meʼmoriy meros, sanʼat namunalari va ilmiy kashfiyotlarni zamonaviy texnologiyalar orqali namoyish etish usullari koʻrib chiqildi.
“Magister Art” kompaniyasi madaniy merosni targʻib qilish, kino va mediamahsulotlar yaratish hamda mashhur sanʼat va ilm ahllari bilan hamkorlik qilish borasida katta tajribaga ega.
Ekspozitsiyada Birinchi Renessans asoslari sivilizatsion jarayonlar, tarixiy shaxslar va olamshumul kashfiyotlar orqali yoritilishi nazarda tutilgan.
Maʼlumot uchun, Birinchi Renessans davri Abbosiylar, Tohiriylar, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar sulolalari hukmronlik qilgan tarixiy bosqichlarni oʻz ichiga olib, oʻsha davrga oid eng koʻzga koʻringan kashfiyotlar, bugungacha saqlanib qolgan artefaktlar va zamonaviy dizayn uygʻunligi ekspozitsiyaning bir boʻlagiga aylanadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
