Oʻzbekistondagi megaloyihada Islomdan oldingi davrga nazar

 

Oʻzbekiston hududida Islomdan oldingi davrga oid madaniy, tarixiy va maʼnaviy meros namunalarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan “Vaqt devori” deb nomlangan noyob loyiha ustida ish olib borilmoqda.

 

Ushbu devor orqali yurtimiz tarixining eng qadimgi bosqichlari — Islomdan oldingi davr, qadimgi shaharlar, afsonaviy shaxslar va oʻsha davr madaniyati tasvirlanishi koʻzda tutilgan. Bu tashabbus tarixni nafaqat hujjatlar orqali, balki vizual sanʼat vositasida ham anglashga yordam beradi.

 

 

Joriy haftada “Vaqt devori”da aks ettirilishi rejalashtirilgan asarlar yuzasidan keng koʻlamli va qizgʻin muhokamalar tashkil etildi. Tarixchilar, sanʼatshunoslar, arxeologlar hamda ijodiy jamoa vakillari ishtirok etgan mazkur uchrashuvda asarlarning tarixiy asoslanganligi, estetik talablarga javob berishi va taʼsirchanligi yuzasidan chuqur tahlillar oʻtkazildi.

 

 

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Azamat Hotamov loyihaning ahamiyati haqida shunday dedi:
 

— Devorda shunchaki suratlar yoki belgilar aks etmaydi. Unda toʻlaqonli tarix gavdalanadi. Biz tarixchilar bilan hamkorlikda ish yuritmoqdamiz. Devorlarda xronologik ketma-ketlikka asoslangan holda badiiy asar yaratilyapti. Tarixchilar tomonidan loyiha doirasida taqdim etilgan suratlar tahlil qilinmoqda va biz ularni sanʼat vositasida boyityapmiz. Natijada mukammal asar yuzaga kelmoqda. Bu yerda falsafa, tarix va haqiqat uygʻunlashadi.

 

 

Muhokamalar yakunlariga koʻra, “Vaqt devori”ning har bir sahnasi mazmunan yanada boyitilishi, tarixiy haqiqat asosida ifodalanishi va keng jamoatchilik uchun ham estetik, ham maʼnaviy ahamiyat kasb etishi taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda.