Kitobxonlar uchun yana bir qulaylik: Megaloyiha kutubxonasida maxsus muloqot boʻlmalari tashkil etiladi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida zamonaviy kutubxona boʻlishi koʻzda tutilmoqda. Mazkur kutubxona soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlanadi. Bu yerdan bir vaqtning oʻzida 200 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin boʻladi.
Koʻproq qulayliklar yaratish uchun mutaxassislar tinimsiz mehnat qilmoqda. Shuningdek, ushbu kutubxonada bolalari bilan tashrif buyurgan kitobxonlar uchun ham sharoitlar mavjud. Maxsus bolalar maydonchasida bolalar xavfsiz dam olishlari, animatsion filmlar tomosha qilishlari mumkin.
Texnologiyalar rivojlangan asrda telefonda muloqotni cheklab boʻlmaydi. Kutubxonada bunda ham yechim topilgan. Markaz kutubxonasida maxsus muloqot boʻlmalari oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Zamonaviy budkalarda kitobxonlar bemalol telefonda gaplashishlari va ularni quvvatlashlari mumkin. Muloqot kutubxonadagi boshqa kitobxonlarga eshitilmaydi.
Kutubxonada, shuningdek, moʻʼjaz muzey tashkil etiladi. Unda kutubxonachilik xronologiyasiga hamohang eksponatlar joylanadi. Kitob va qogʻoz ixtiro qilinishi, kitob dastgohlari muzeyning qimmatli eksponati hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, Davlat rahbarining Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qoʻshgan hissasini keng miqyosda koʻrsatib berish, yoshlarimizning ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha bergan zarur koʻrsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish maqsadida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar birlashgan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqilib, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda davom etmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
