TURKIYALIK SAN’ATSHUNOS OLIMLAR O‘ZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZIDA
Mamlakatimiz tarixining turli davrlarida jahonshumul sivilizatsiyalar, yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho me’moriy obidalar vujudga kelgan. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan tengsiz madaniy meros namunalari insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Ulardan bizgacha yetib kelgan ilmiy, tarixiy va badiiy asarlar bugun dunyoning turli nuqtalarida, xorij to‘plamlari, jamg‘armalari, kutubxona va muzeylarida saqlanmoqda. Ana shu boy va bebaho madaniy merosni o‘rganish yuzasidan qator vazirlik va idoralar, jumladan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida joylashgan Kunstkamera muzeyi fondlarida 19-asrga oid o‘lkamiz tarixi, madaniyati, insonlari, tarixiy obidalari fotosuratlari saqlanmoqda. Bu haqda poytaxtimizdagi Toshkent fotosuratlar uyida tashkil etilgan “19-asrda O‘zbekiston (Kunstkamera muzeyidagi V. Orden fotosuratlari)” ko‘rgazmasi tashkilotchilari turkiyalik taniqli olimlar - Yildiz Texnika universiteti Professori Ayshe Melek O‘zetgin va Anqara universiteti professori Ayshe Ersay Yuksel O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashriflari chog‘ida ta’kidlab o‘tishdi.
“Turkiston madaniyatining yuragi bo‘lgan bu o‘lkaga juda muhim sabab bilan keldik. Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekistondagi elchimiz ko‘magi bilan juda katta ko‘rgazma tashkillashtirdik. Biz “19-asrda O‘zbekiston (Kunstkamera muzeyidagi V. Orden fotosuratlari)” nomli kitob-albomni nashr qildik. Bu kitob uchun Rossiyaning eng eski imperatorlik muzeylaridan bo‘lgan Kunstkameradan joy olgan kolleksiyasiga oid O‘zbekiston suratlarini tanladik. Birinchi marta 19- asrga oid O‘zbekistonda suratga olingan 114 fotosuratlarni mazkur kitobda chop etdik”, - deya ta’kidladi Yildiz Texnika universiteti Professori Ayshe Melek O‘zetgin.
Bular O‘zbekistonning ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy, tarixiy xayotiga oid qimmatli ma’lumotlarni berishi mumkin.
Fransuz millatiga mansub fotosuratchi V. Orden 19-asrda Markaziy Osiyoda samarali faoliyat yuritgan. Butun Turkiston, Eron, Kavkaz hududlarini aylanib chiqqan. Qizig‘i Orden o‘zbek xonlarining saroylarida bo‘lib, u yerdan turli xil fotosuratlar olishga musharraf bo‘lgan. U O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Toshkent, Marg‘ilon, Andijon, Farg‘ona kabi shaharlarida bo‘lib, halqimiz hayoti, yashash tarzi, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyimlari, tarixiy obidalar, masjidu madrasalarni mahorat bilan suratlarga muhrlagan.
V. Orden O‘zbekistonga kelishidan oldin Istanbulda bo‘lib Sulton Abdulhamidga Turkiston o‘lkalaridan olgan suratlarni sovg‘a tarzida taqdim etadi. Chunki suratlar Sultonning dunyoni ko‘rishi va bilishida ko‘prik vazifasini bajaradi. O‘z saroyida dunyoning 50 dan ortiq o‘lkalaridan olingan 38 mingga yaqin suratlarni jamlagan.
Mazkur fotosuratlar ko‘plab sohalarda ommaga tadbiq etilmagan kashfiyotlar va ma’lumotlar eshigini ochishi mumkin.
Turkiyalik olimlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, markaz xodimlari va ular tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishishdi. Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari F.Halimov, ushbu markaz bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan megaloyiha ekanligi, O‘zbekiston zaminida yuz bergan sivilizatsiyalar, bu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini o‘rganish va targ‘ib etish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi rejalashtirilganini bildirdi.
“Hurmatli Prezidentimiz ushbu markaz eshiklari O‘zbekiston tarixi, madaniyati, boy madaniy merosini o‘rganayotgan barcha xorijlik olimlar va tadqiqotchilar uchun ochiq ekanini ta’kidlaganlar. Binobarin, biz bilan hamkorlik qilishni istagan barcha xorijlik hamkasblar, jumladan Siz bilan ham birga ishlashga, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz” - dedi F. Halimov.
Turkiyalik mehmonlar Toshkent shahrida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi bilan yaqindan tanishishdi. Bunday yirik loyiha turkiy dunyo uchun ham katta voqea ekanini ta’kidlab, O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini ko‘rsatib beradigan loyihalarni taqdim etishni bildirishdi.
Mehmonlar kelgusida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi. Islom sivilizatsiyasi markazi fondini shakllantirish, ularning tajribasidan foydalangan xolda hamkorlikda fotosuratlar bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
