“Oliy darajali Imom Buxoriy” va “Imom Buxoriy” ordenlari haqida hujjatli film tayyorlanadi

 

Yangi Oʻzbekiston davrida milliy qadriyatlarimiz, buyuk allomalarimiz va ularning merosini eʼzozlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, ulugʻ muhaddis Imom Buxoriy nomi bilan bogʻliq tashabbus va eʼtiroflar keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinmoqda.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan “Oliy darajali Imom Buxoriy” va “Imom Buxoriy” ordenlarining yaratilish tarixi hamda ushbu oliy mukofotning ilk sohiblari haqida hujjatli film tayyorlash rejalashtirilmoqda. Ushbu filmda mukofotlarning joriy etilish sabablari, ularning jamiyatdagi maʼnaviy va ramziy ahamiyati, shuningdek, uni birinchi boʻlib olgan shaxslarning hayoti va faoliyati yoritiladi.

 

Hujjatli film zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yaratilishi rejalashtirilgan boʻlib, Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida interaktiv shaklda namoyish etiladi. Bu esa markazga tashrif buyuruvchilarga nafaqat tarixiy maʼlumot olish, balki milliy gʻurur va qadriyatlarni chuqur his etish imkonini beradi.