Islom sivilizatsiyasi markazida olimlar bilan 200 dan ortiq shartnoma imzolandi, ilmiy-tadqiqotlar yangi bosqichda
Oʻzbekistonda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat arxitektura jihatdan noyob inshoot, balki ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida ham yuksak eʼtiborga sazovordir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu ulkan loyiha doirasida milliy va jahon tamaddunidagi buyuk allomalarning ilmiy merosini targʻib qilish, yosh avlodni tarixiy haqiqatlar ruhida tarbiyalash hamda yangi tadqiqotlar uchun zamonaviy muhit yaratish maqsad qilingan.
Markaz ekspozitsiyasini mazmunan boyitish, uni ilmiy-nazariy asosda shakllantirish maqsadida hozirgacha 200 dan ortiq olimlar bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bular nafaqat individual tadqiqotlar, balki keng qamrovli ilmiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan boʻlib, markazning intellektual salohiyatini belgilab beradi.
OʻzITsM ilmiy-tadqiqotlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Gulnora Gʻaniyeva mavzu yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi:
“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan muzey ekspozitsiyasi uchun yaratilayotgan media loyihalarning birinchi toifadagi ilmiy-nazariy maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Bu loyiha doirasida respublikamizdagi tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va olimlar tomonidan shartnomalar imzolandi. Hozirda 200 dan ortiq loyiha boʻyicha shartnomalar imzolangan boʻlib, ularning moliyalashtirilishi va amalga oshirilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ushbu loyihalar doirasida amalga oshiriladigan ishlar asosan ilmiy-nazariy baza hisoblanadi. Yaʼni, ushbu baza orqali olimlar oʻz ishlarini va loyihalarni amalga oshirish jarayonida yaratiladigan ekspozitsiyalar, ular uchun zarur boʻlgan eksponatlar, mulyajlar, maketlar haqida ilmiy-nazariy maʼlumotlarni joylashtiradilar. Shuningdek, bu ilmiy-innovatsion loyihalar asosida turli yangi maʼlumotlar, yaʼni Oʻzbekistonda yoki xorijiy fondlarda saqlanayotgan artefaktlar ham asosiy baza sifatida xizmat qiladi.”
Ayni paytda 10 ta yoʻnalish boʻyicha 800 dan ziyod loyiha ustida ishlar olib borilmoqda. Ularning 400 ga yaqini birinchi bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyihalarda zamonaviy ilmiy yondashuvlar, raqamli arxivlar, 3D mulyajlar va interaktiv axborot tizimlari orqali maʼlumotlar taqdim etiladi. Ushbu ishlar Ilmiy kengash va Ishchi guruhlar bilan muvofiqlashgan holda olib borilmoqda.
2025 yil sentabr oyida rasman ochilishi kutilyotgan Markaz nafaqat muzey, balki tadqiqot va taʼlim platformasi sifatida ham faoliyat yuritishi koʻzda tutilgan. Unda xalqaro ilmiy forumlar, maʼruzalar, yoshlar uchun taʼlim dasturlari va seminarlar tashkil etiladi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi va maʼnaviy merosini jahon miqyosida namoyon etishda muhim qadam boʻladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
