Megaloyihani mazmunan boyitish boʻyicha hamkorlar bilan muhim muhokama oʻtkazildi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini munosib tashkil etish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Megaloyiha boʻlishi koʻzda tutilgan binoni ichki va tashqi koʻrinishi, mazmun mohiyati qizgʻin muhokamalar boʻlgan yigʻilishda Zoom platformasi orqali qurilish masʼullari, Toshkent shahar hokimligi vakillari va markaz xodimlari ishtirok etdi.

 

 

Uchrashuvda masʼullar, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasini shakllantirish boʻyicha xalqaro hamkorlar — “Sila sveta”, "Planet 9", "Outdoor Factory", shuningdek, Rossiya davlat Ermitaj muzeyi, Italiyaning "Magister Art" kompaniyalari va mahalliy tashkilotlar bilan loyihalarning texnik topshiriqlar ijrosini taʼminlash masallari muhokama qilindi. Shuningdek, hamkorlar bilan aniq vazifalar belgilab olinishi, jarayonlarni tezlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

 

Eslatib oʻtamiz, Davlat rahbarining Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qoʻshgan hissasini keng miqyosda koʻrsatib berish, yoshlarimizning ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha bergan zarur koʻrsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish maqsadida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar birlashgan.

 

Jami 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqilib, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar davom etmoqda.