CNN oʻzbek allomalari haqida maqolalar eʼlon qildi



Algebra fani asoschisi sifatida qayd etilgan Xorazmiy haqida fikr bildirilar ekan, uning "Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala” asari matematikaning rivojiga qoʻshgan hissasi alohida qayd etiladi. "Har safar smartfon yoki kompyuterdan foydalanganimizda Muhammad ibn Muso Xorazmiyning ilmiy merosiga duch kelamiz", deyiladi maqolada.

Nashrning taʼkidlashicha, IX asrning atoqli oʻzbek olimi Fargʻoniy islomning ilm-fan taraqqiy topgan Oltin davriga katta hissa qoʻshgan. U astronomiya, matematika va geografiya fanlarida yetuk mutaxassis boʻlib, ham fan tarixida, ham islom sivilizatsiyasida oʻz oʻrnini mustahkamlagan

Abu Rayhon Beruniyga taʼrif berilar ekan, CNN uni dunyoni oʻlchagan odam sifatida eʼtirof etadi, erishgan yutuqlari bilan koʻplab zamonaviy fanlarga asos solgan buyuk olim oʻlaroq tan oladi. Uning Yerning aylanishi haqidagi gipotezasidan tortib Yer diametrini oʻlchashgacha boʻlgan asarlari antik davr merosi va kelajakdagi yangiliklar, jumladan, keyinchalik Uygʻonish davridagi Yevropada paydo boʻladigan innovatsiyalar oʻrtasida koʻprik boʻlgani taʼkidlanadi

Abu Ali ibn Sino, tibbiyotning otasi sifatida tanilgan, "Tib qonunlari" asari bilan mashhur boʻlib, u koʻp asrlar davomida Yevropada va Sharqda tibbiyotning asosiy qoʻllanmasi boʻlib xizmat qilgan. Shuningdek, u falsafa sohasida ham asarlar yozgan

Bu allomalarning ilmiy merosi hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan boʻlib, ularning asarlari jahon ilm-fani taraqqiyoti yoʻlida xizmat qilmoqda.

Shuningdek, ushbu oy yakunida CNN mashhur astronom va matematik Mirzo Ulugʻbek haqida ham maqola eʼlon qilishi kutilmoqda.