Markazga mahalliy nodir ashyolar jalb qilinmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan maxsus Ilmiy guruh Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren tumanlari muzeylariga ekspeditsiya uyushtirdi. Tashrif Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini boyitish va yangi eksponatlar bilan toʻldirish, shuningdek, tarixiy ahamiyatga ega obʼektlarning muzey fondlaridan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ekspeditsiya davomida Ohangaron tumanidagi muzeyda turli davrlarga, jumladan, qadimgi va oʻrta asrlarga, shuningdek, XX asrga oid eksponatlar mavjudligi aniqlandi. Buning natijasida, muzey fondidagi oʻsha davrlarga mansub muhim va qadimiy eksponatlar saralandi.
Islom sivilizatsiyasi markazi uchun zarur boʻlgan 10 ga yaqin eksponatlar tanlab olindi. Muzey rahbari va ilmiy xodimlar muzey fondida saqlanib kelayotgan tarixiy va zamonaviy eksponatlar bilan tanishtirdi. Ushbu eksponatlar Ohangaron tumanining madaniyati va tarixi haqida muhim maʼlumotlar berib, mamlakatimiz muzeylari uchun qimmatli xazina ekanligi taʼkidlandi.
Shuningdek, ekspeditsiya aʼzolari Angren shahar oʻlkashunoslik muzeyida boʻlishdi. U yerdan qimatbaho uy-roʻzgʻor va maishiy buyumlar, nodir eksponatlar saralandi. Ayni vaqtda mutaxassislar tomonidan hududlar kesimida markaz ekspozitsiyasi uchun xatlanayotgan artefaktlar roʻyxati shakllantirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Davlat rahbarining Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qoʻshgan hissasini keng miqyosda koʻrsatib berish, yoshlarimizni ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha bergan zarur koʻrsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish maqsadida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar birlashgan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqilib, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar davom etmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
