Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi Kengaytirilgan Ilmiy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirishni maqsad qilgan.
Shu bois, Markaz tomonidan bir necha bosqichda uning kontentini boyitishda xorijlik va mahalliy olimlar ishtirokida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 18-26-oktyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi xamkorligida o‘tkazilgan «Sharq renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar, shaxslar va sivilizatsiyalar» mavzusida xalqaro madaniy meros haftaligining asosiy maqsadi ham, Islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasini boyitishda milliy va xorijiy olimlar hamkorligidagi ilmiy loyihalarni amalga oshirishni yangi bosqichga ko‘tarish, O‘zbekiston madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib etishga qaratildi.
Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi Kengaytirilgan Ilmiy kengashi yig‘ilishida dastlab, ushbu haftalik natijalari bo‘yicha yakuniy hisobot muhokama etildi. Ma’lum bo‘lishicha, haftalik doirasida o‘tkazilgan forumlar, konferensiyalar, anjumanlar, simpoziumlarda Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Hindiston, BAA, Turkiya kabi 20 dan ortiq mamlakatdan 100 ga yaqini xorijlik ishtirokchilar tashrif buyurishdi. Mamlakatimizdan 200 nafardan ziyod olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Xorijiy ilmiy muassasalar, markazlar hamda tashkilotlarning rahbarlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jadallashtirish va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga oid 30 dan ortiq amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarining asosini tashkil etuvchi 400 ga yaqin ilmiy va innovatsion loyihalar simpozium, konferensiyalarda muhokama etildi.
Tadbirda O‘zbekiston madaniy merosi durdonalariga bag‘ishlangan "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumining yangi 70 chi jildi taqdim etildi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston ilmiy nashrlari” va “Sharq va G‘arb: sivilizatsiyalar muloqoti” kabi 5 ta mavzuda 100 dan oshiq nomdagi kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etildi. “CNN” va “Euronews” xalqaro media kompaniyasi haftalikning bosh media hamkori sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirlar “CNN”, Euronews, “Rossiya-Kultura” telekanallari va 30 dan ziyod boshqa nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Shu bilan birga, o‘tkazilgan tadbirlarga 200 nafarga yaqin ommaviy-axborot vositalari va blogerlar jalb etilib, anjuman bo‘yicha ma’lumotlar 10 ta xorijiy tilda tarqatildi. Xorijiy ilmiy muassasalar, markazlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 20dan ziyod hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shundan so‘ng, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitishga qaratilgan ilmiy loyihalar va yangilangan konsepsiyani tasdiqlash, Markazning ishlab chiqilgan yangilangan ilmiy konsepsiyasi, ilmiy loyihalarini Vasiylik Kengashiga taqdim etish uchun tahrir xay’ati a’zolarini tasdiqlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongressining ochilish marosimida uning ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida mohiyat e’tibori bilan o‘zida Vatanimizning shonli o‘tmishi, bugungi hayoti va buyuk kelajagini namoyon etishga xizmat qiladigan bu zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar o‘tkazish, dolzarb g‘oya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlangan.
Ilmiy kengash yig‘ilishini boshqargan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning aytishicha, markaz qurilishi va uning ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish bilan bog‘liq ishlar bevosita davlat rahbarining doimiy e’tiborida ekanligini ta’kidladi;
-Hurmatli Prezidentimiz Islom sivilizatsiya markazini madaniy-gumanitar sohada amalga oshirilayotgan megaloyiha deb atadi. Shu jihatdan vatanimiz tarixi, madaniy merosi, sivilizatsiyalar va ularda muhim o‘rin tutgan shaxslarni, kashfiyotlarni endi bitta platformada birlashtirish zarur. Ayni paytda olimlar madaniy merosimizni o‘rganish va tadqiq etish bo‘yicha 200 ga yaqin loyihalar ustida ish olib bormoqda. Madaniy meros haftaligi doirasida yana 100 dan oshiq yangi loyihalar kelib tushdi. Ularni amalga oshirish uchun yurtimizdagi ixtisoslashgan ilmiy muassasalar olimlarini ham jalb etmoqchimiz. Preziyentimiz ta’kidlaganlaridek, Islom sivilizatsiyasi markazi muzey emas, doimiy ilmiy izlanishlar olib boriladigan haqiqiy ilm va ma’rifat maskani bo‘ladi. Biz markazning ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlar, xorijlik olimlarning ish olib borishlari uchun sharoitlar yaratamiz. Xalqaro ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yganimizdan so‘ng, yangi kashfiyotlar paydo bo‘ladi.
Bahrom Abdualimov- O‘zFA vitse prezidenti, Sharqshunoslik instituti direktori, Kengaytirilgan ilmiy Kengash a’zosi
-Yarim yil davomida Islom sivilizatsiyasi markazi juda faollashdi. Bu g‘oya Prezident e’tibori bilan davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bois, milliy va xorijiy olimlarni birlashtirdi, degan e’tiroflarni xalqaro madaniy meros haftaligi ishtirokchilaridan eshitdik. Haqiqatdan ham, Islom sivilizatsiyasi markazi katta akademik g‘oyalar maskani, ilmiy-tadqiqot muasssaga aylanyapti. Yaqin-yaqingacha ham olimlar o‘rtasida markazning binosi tayyor bo‘p qoldi, lekin kontenti tayyor emas degan fikrlar bo‘lgan. Bu o‘sha paytlari qaysidir ma’noda asosli edi. Lekin, xalqaro madaniy merosi haftaligida ishtirok etgan Buyuk Britaniyadagi Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori Farah Ahmad Nizami markaz faoliyati bilan tanishib, binodan ko‘ra markaz kontenti rang-barang va boy ekanligini ta’kidladi. Yangi loyihalar ham bor. Biz ularni davlat buyurtmasi deb ham qabul qilishimiz kerak. Shu jihatlarni hisobga olsak O‘zFAning barcha yetakchi olimlari Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilishga, yangidan yangi loyihalar ustida ishlashga doim tayyor.
Jannat Ismoilova – O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi direktori, Kengaytirilgan ilmiy Kengash a’zosi
Markaz binosining qurilishidan tortib, uning ekspozitsiyasidan o‘rin oladigan eksponatlarni joylashtirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va uni namoyish etishgacha bo‘lgan jarayonlar vaqt va mablag‘ talab etadigan murakkabliklarga boy bo‘lgan bir jarayon. Shunday bo‘lsa-da, Prezidentimiz tomonidan olimlarga yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar tufayli keng-ko‘lamli loyihalar amalga oshirildi. Ilgari olimlarimiz besh-o‘n yil ichida buncha loyiha ustida ishlay olmagan. Biz kam vaqt oralig‘ida ko‘p natijalarga erishayapmiz. O‘ylayman-ki, bir yil ikki yil ichida ushbu loyihalar o‘z samarasini beradi.
Akbar Hakimov- san’atshunos, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Kengaytirilgan ilmiy Kengash a’zosi
To‘rt oy ichida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalari 4 marotaba ilmiy ekspertizadan o‘tkazildi. Dastlab yurtimiz olim va mutaxassislari tomonidan va keyinchalik xalqaro darajaga olib chiqildi. Mana hozir bizda markaz ekspozitsiyasidan o‘rin oladigan ilm-fan ko‘rgazma pavilioni tayyor. Eng asosiysi barcha jarayonlarda, loyihalarni maromiga yetkazishda yosh mutaxassislar biz bilan faol ishlayapti. Bu quvonarlidir.
Rustam Shoabdurahmonov -O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha Direksiya direktori, Kengaytirilgan ilmiy Kengash a’zosi
-Majmua qurilishi hurmatli Prezidentimizning, hukumatimizning doimiy e’tiborida. Bino qurilishiga 30 ta vazirlik va idoralar jalb etilgan. Qurilishdan tashqari markaz mazmunini boyitish bo‘yicha olimlarimiz juda katta mehnat qilyapti. Shu paytgacha ajratilgan grantlar asosida olimlarning 29 ta kitobi chop etildi. Biz bundan keyin ham ularning ilmiy faoliyatini, madaniy merosimizni asrab avaylash, targ‘ib etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Yig‘ilish yakunida kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitishga qaratilgan kelajakdagi istiqbolli ilmiy loyihalar va yangilangan konsepsiya tasdiqlandi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
