Oʻzbekistondagi yangi kutubxona uchun Niderlandiya tajribasidan foydalaniladi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida megaloyiha kutubxonasining intereri, dizayni va unga texnikalarni joylashtirish masalalari muhokama etildi. Uchrashuv avvalida Markazning ilmiy tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Gulnora Gʻaniyeva boʻlimning ishchi guruhi aʼzolariga jarayonlarning borishi boʻyicha zarur koʻrsatmalar berib oʻtdi.
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva markaz kutubxonasining intereri, dizayni va unga texnikalarni joylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot qildi.
— Markaz kutubxonasida Niderlandiyaning kutubxonachilik tajribasidan keng va unumli foydalaniladi. U yerdagi kutubxonalarda mavjud yangi va zamonaviy uskunalar jalb etilib, kitobxonlarga qulay sharoitlar yaratiladi. Telefon xonachalari, audio-vizual xonalar, kitoblarni nusxalash va koʻchirish xonalari shular jumlasidandir. Quvonarlisi, bu yerda insonlar texnikalar yordamida oʻzlariga oʻzlari xizmat koʻrsatadi. Bundan tashqari boʻlimda kovorking markazi, olimlar xonasi, bolalar uchun maxsus xonachalar boʻladi. Kutubxonaga jalb etiladigan texnikalar Markaziy Osiyoda yagona boʻlishi kutilmoqda, — dedi Umida Teshaboyeva.
Taqdimotga koʻra, markaz kutubxonasi ikki qavatdan iborat boʻlib, uning dizaynida milliylik aks etadi, intererida zamonaviylik uygʻunlashtiriladi. Maʼlum qilinishicha, I bosqichda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan 15 ta medialoyihaga yana uchta medialoyiha qoʻshilgan.
Uchrashuv davomida Lui Brayl yozuvidagi boʻrtma nuqtali kitoblarni chop etish va saralash masalalari keng muhokama etildi. Ularning audio shaklini yaratishda nimalarga ahamiyat berish boʻyicha fikr va mulohazalar tinglandi. Maʼlumot uchun, markaz kutubxonasi bir vaqtning oʻzida 200 dan ortiq kitobxonga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Davlat rahbarining Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qoʻshgan hissasini keng miqyosda koʻrsatib berish, yoshlarimizning ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha bergan zarur koʻrsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish maqsadida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar birlashgan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqilib, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
