Moviy osmon ramzidagi devorda ixtirolar kreativ aks ettiriladi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasi doirasida muzeylashtirish masalalalari muhokamasi boʻlib oʻtdi. Unda tarix fanlari doktori, professor Surayyo Karimova, markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov va boshqalar Italiyaning “Magister Art” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvda markazning ushbu boʻlimini muzeylashtirish masalalari keng muhokama etildi. Boʻlimni ilmiy, vizual va texnologik jihatlarini boyitish masalalariga ahamiyat qaratildi.
“Magister Art” kompaniyasi kreativ direktori Alessandra Kostantini Oʻzbekistondagi Birinchi Renessans davri, olimlar va ularning kashfiyotlari borasida mahalliy olimlar yuborgan maʼlumotlar asosida muzeylashtirish jarayonlari haqida maʼlumot berib oʻtdi.
— Turkiyaning “Ilm, fan va texnologiyalar” muzeyida boʻldik. Maʼlumotlar asosida qurilgan muzeyda qiziq faktlar koʻp ammo eksponatlar kam edi. Shuning uchun ham u yerga odamlar juda kam kelishadi. Italiyadagi “Fan” muzeyida esa aksincha. Har bir eksponatning nazariyasi emas, amaliy faoliyati aks etgan. Biz ham markazda ana shu usulni qoʻllamoqchimiz. Bu yerga tashrif buyuruvchilar sigʻimini oshirish uchun qoʻldan kelguncha harakat qilyapmiz. Markaz zerikarli maʼlumot va faktlardan iborat boʻlib qolmasligi kerak. Texnologiya rivojlangan davrda yashayapmiz. Boʻlimni faktlar bilan boyitish kerak boʻlsa kichik linklar, qodlar va belgilar ostida bularni aks ettirish mumkin boʻladi. Biz moviy osmon ramzidagi devorda ixtirolarni zamonaviy va kretiv tarzda joylashtirishni reja qilyapmiz, — dedi kompaniya vakili.
ZOOM platformasi orqali oʻtgan videomuloqot qizgʻin muzokaralarga boy boʻldi. Eslatib oʻtamiz, Davlat rahbarining Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qoʻshgan hissasini keng miqyosda koʻrsatib berish, yoshlarimizni ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha bergan zarur koʻrsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish maqsadida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar birlashgan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqilib, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
