XVI asrda Buxoro xonligidagi arxitektura anʼanalari: tarixiy toqilar va ularning ekspozitsiyadagi ahamiyati
XVI asrda Markaziy Osiyoning tarixiy, siyosiy va madaniy markazlaridan biri sanalgan Buxoro xonligida shaharsozlik va meʼmorchilik sohalari jadal rivojlangan. Shu davrda Shayboniylar sulolasi hukmronligi ostida qurilgan arxitektura yodgorliklari, ayniqsa savdo, hunarmandchilik va ijtimoiy hayot bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan inshootlar nafaqat oʻz davrida muhim ahamiyat kasb etgan, balki bugungi kunda ham tarixiy, madaniy va turistik qiymatini saqlab kelmoqda.
Shunday inshootlardan biri — toqilar hisoblanadi. Ular meʼmoriy jihatdan gʻoyat noyob, funksional jihatdan esa oʻz zamonasining iqtisodiy markazlari sifatida faoliyat yuritgan. Toqilar — koʻpriksimon yopiq inshoot boʻlib, ularning tag qismida turli doʻkon, ustaxona va savdo nuqtalari joylashgan. Ular aholi va sayohatchilar harakati uchun qulay boʻlgan joylarda — yoʻl kesishmalarida, bozor maydonlari yaqinida qurilgan. Qisman yoki toʻliq yopiq shaklda qurilgan mazkur arxitektura ansambllari turli sohalarga ixtisoslashgan hunarmand va tijoratchilar faoliyati uchun xizmat qilgan.
Bu toqi va timlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotning ham markazlari hisoblangan. Ularda savdo jarayoni bilan birga, axborot almashinuvi, ijtimoiy muloqot va madaniy aloqalar ham rivojlangan. Har bir toqi oʻziga xos meʼmoriy uslubda, qoʻlda yasalgan gʻishtlar, gumbazlar va rang-barang naqshlar bilan bezatilgan boʻlib, bugungi kunda ham oʻsha davr estetikasini oʻz ichiga oladi.
Yaqinda oʻtkazilgan onlayn muloqot chogʻida "Oʻzbek xonliklari davri ekspozitsiyasi"ni yanada boyitish masalalari muhokama qilindi. Muloqot davomida yuqorida tilga olingan toqi va timlarning maketlarini yaratish, ularni ekspozitsiyalarda namoyon etish va ular orqali oʻsha davr hayotini vizual va ilmiy jihatdan keng yoritish boʻyicha muhim takliflar bildirildi.
Mazkur maketlar orqali ekspozitsiyaga keluvchilar nafaqat tarixiy maʼlumotlar bilan tanishadi, balki oʻzini oʻtmishdagi Buxoro bozori muhitida his qilish imkoniga ega boʻladi. Har bir toqining funksiyasi, ijtimoiy ahamiyati, meʼmoriy xususiyatlari maketlarda aniq koʻrsatilishi, interaktiv elementlar orqali taʼlimiy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Xulosa oʻrnida ular bugungi kunda nafaqat tarixiy meros, balki turizm, taʼlim va madaniy sohalar uchun qimmatli manbadir. Ularning maketlari orqali yosh avlodni milliy tarixga qiziqtirish, uni ilmiy asosda oʻrganish va jahon hamjamiyatiga taqdim etish boʻyicha ishlar davom etmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
