Firdavs Abduxoliqov: “Xalqaro madaniy meros haftaligi barchamizga foydali va yorqin daqiqalarni baxsh etdi”

Toshkentda “Sharq renessansi fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va sivilizatsiyalar” mavzusida Xalqaro madaniy meros haftaligi o‘tkazildi. Ushbu noyob loyihaning natijalari qanday?

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtrish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov ushbu megaloyiha haqida gapirib berdi:

– Ma’lumki, bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda barcha sohalar qatori fan, ta’lim va madaniyatga, shuningdek, madaniy merosimizni o‘rganish va uni targ‘ib qilishga katta e’tibor berilmoqda.

Yetti yil muqaddam Prezidentimiz BMT minbaridan turib Islomning haqiqiy gumanistik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidlagan edi. 2017-yil 23-iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi.  2018-yil iyun oyida Prezidentimizning shaxsan o‘zi Markazning birinchi ramziy tamal toshini qo‘ydi va "Bu markaz qurilishining maqsadi — islom ma’rifatini o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning merosini, avvalo, xalqimiz va jahon hamjamiyatiga yetkazish", — deb ta’kidladi. Prezidentimizning  shaxsan o‘zi Markazga bir necha bor tashrif buyurib, loyiha va qurilish jarayonlari bilan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, Markaz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘nga yaqin farmon, qaror va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Albatta, o‘tgan yetti yil mobaynida katta ishlar amalga oshirildi. Ammo bugun ushbu megaloyihani hayotga joriy etish uchun mahalliy va xalqaro olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning tajribasi va maslahatlari juda zarur.

Prezidentimiz bilan joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Markaz bilan hamkorlik qilish uchun mahalliy va xorijiy olimlarni, yirik ekspertlarni keng jalb qilish muhimligi ta’kidlandi va alohida topshiriqlar berildi.

Shu sababli biz shu yilning 3-4-iyulida O‘zbekistonning ilk milliy olimlar forumini tashkil etdik. Forumda 500ga yaqin sharqshunoslar, tarixchilar va san’atshunoslar ishtirok etdi. Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari, kelajakdagi rejalari hamda boshqa davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar muhokama qilindi. Ikki kun davomida ishtirokchilar o‘z ma’ruzalari va loyihalarini taqdim etib, 600 dan ortiq taklif va mulohazalar bildirdi. Forum yakunlari bo‘yicha yetakchi olimlardan iborat kengaytirilgan ilmiy kengash tasdiqlandi. Forumda xorijiy ekspertlarni jalb etish orqali Markaz faoliyati mazmunini boyitish maqsadida yirik xalqaro konferensiyani tashkil etish taklifi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

23-26-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida «Ajdodlarimizning buyuk merosi — Uchinchi Renessans asosi» mavzusida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining 8-xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi. Kongressda 40 ga yaqin davlatdan 350 dan ortiq olimlar va ekspertlar ishtirok etdi. Kongress Markaz faoliyatini boyitish, uning kelajak faoliyati yo‘nalishlarini belgilash va hamkorlikdagi loyihalarni ishlab chiqishga bag‘ishlandi.

Prezidentimiz kongress ishtirokchilariga tabrik yo‘llaganini alohida ta’kidlash joiz. Tabrikda barcha olimlar va mutaxassislarni O‘zbekistonning haqiqiy do‘stlari deb atab, ularning ilmiy va ijodiy faoliyatini yuksak baholadi. O‘z navbatida, kongress ishtirokchilari Prezidentga murojaat yo‘llab, ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik izhor qilishdi va Markazni tashkil qilish ishlarida faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Kongress yakunlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

Biz bir blokdan ikkinchisiga o‘tishda Uyg‘onish davri orasidagi o‘tish davrlarini aks ettiradigan immersiv shou sifatidagi "Vaqt kapsulasi" deb nomlangan loyihadan foydalanishni taklif qilamiz. Bu loyihada bizga Rossiyaning Aleksandr Us rahbarligidagi "Sila sveta" studiyasi va  Turkiyaning Sinan Turaman boshchiligidagi "Outdoor Factory" kompaniyasi ijodiy guruhi yordam bermoqda.

Albatta, bu megaloyihani amalga oshirish uchun zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishni maqsad qilganmiz. Yaqinda Qozonda bo‘lib o‘tgan global BRIKS sammiti doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  «Sberbank» aksiyadorlik jamiyati prezidenti German Gref bilan uchrashuv o‘tkazib,  Toshkentda «21-maktab» ta’lim muassasasining ikkinchi kampusi ish boshlaganidan mamnunligini bildirdi. Bu muassasa raqamli texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan.

Bizning tadbirlarimizda «Sberbank»ning xalqaro bo‘limi rahbari Oleg Kapitonov ham ishtirok etdi. Biz ular bilan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda, ilmiy matnlarni dunyo tillariga tarjima qilishni yaxshilash va avtomatlashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Ma’lumki, Markaz YUNESKO, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO), Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi. 

Maqsad mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, musulmon Renessansi davrida fan, madaniyat, san’at va me’morchilik rivoji haqida keng ma’lumot berish, shuningdek, samarali dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqot tashkil etishdir. Shu sababli, Markazimizning ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlar va tadqiqotchilar uchun ofislar va vakolatxonalar uchun joy ajratilgan bo‘lib, bu mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi.

Yetti yil davomida Markazda ma’lum darajada qo‘lyozmalar va artefaktlar kolleksiyasi to‘plandi. Alisher Usmonov tomonidan Markazga sovg‘a qilingan noyob qo‘lyozmalar va kitoblardan iborat noyob kutubxonani alohida ta’kidlash joiz.

Shu bilan birga, biz jahon auksionlaridan madaniy merosimizga bevosita aloqador bo‘lgan ashyolar va qo‘lyozmalarni sotib olish ishlarini davom ettiramiz. Biz shuningdek, turli milliy muzeylar va institutlardan  o‘z omborlarida foydasiz saqlanayotgan tarixiy kolleksiyalarni biz bilan bo‘lishishlarini so‘rab murojaat qilamiz. Dunyodagi turli jamg‘armalarda saqlanayotgan artefaktlar va qo‘lyozmalarning nusxalarini yaratish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Shu maqsadda yuqori sifatli faksimil nashrlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Myuller end Shiller» kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatdik. «Myuller end Shiller» kompaniyasi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm bilan hamkorlikda O‘zbekiston bilan bog‘liq 100 ta noyob qo‘lyozma faksimillarini nashr qilish ustida ish olib bormoqdamiz.

Biz eksponatlar nusxalarini deyarli aslidan farq qilmaydigan darajada yaratish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan Rossiya Davlat Ermitajining ilmiy laboratoriya boshlig‘i Igor Malkiyelga minnatdorchilik bildiramiz.

Markazimiz faoliyatining asosiy mazmuni, albatta, mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ko‘p yillar davomida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari hisoblanadi. Bugun ularga murojaat qilib, hamkorlikka tayyorligimizni bildiryapmiz. Markazimizdagi barcha ekspozitsiyalarda buyuk sivilizatsiyalar, davrlar, kashfiyotlar va albatta, insoniyat va yurtimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan tarixiy shaxslar bilan bog‘liq asosiy mavzular belgilab olindi.

Masalan, Yaponiyadan mashhur olim, numizmatika bo‘yicha mutaxassis doktor Sergey Laptev Markazni numizmatika kolleksiyalari bilan to‘ldirish loyihasini amalga oshirmoqda. Haftalik davomida Sergey Valeryanovich qiziqarli taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

Pamukkale universiteti professori Mahmudo Yazidji Imom Buxoriyning 825-yillik «Sahihi Buxoriy» qo‘lyozmasi haqida so‘zlab berdi, bu qo‘lyozma ularning o‘quv muassasasida saqlanmoqda.

Germaniyalik mashhur sharqshunos Aysima Mirsulton Boburiylar davrida yaratilgan va turkiy tilda yozilgan noyob albomlar topilgani haqida ma’lumot berdi. Bu topilmalar Boburiylarning Vatanidan olisda yashaganiga qaramay, o‘z madaniyatiga, tarixiga va ona tiliga sadoqatlarini namoyon etadi. Biz ushbu noyob nashrning faksimilini birgalikda nashr qilishga qaror qildik.

London Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Milyana Radivoyevich va uning jamoasi Buyuk ipak yo‘li va Axsikentda metallurgiya tarixi bo‘yicha tadqiqot loyihasini amalga oshirmoqda.

Rossiya Fanlar akademiyasining Tarix instituti ilmiy xodimi Nigora Dvurechenskaya Surxondaryodagi Uzundara arxeologik yodgorligini restavratsiya qilish loyihasini taqdim etdi. Rossiya arxeologiya va etnografiya institutidan Irina Arjanseva Xorazmning qadimgi sivilizatsiyasi bo‘yicha tadqiqotlarini namoyish qildi.

Tojikiston Milliy universiteti professori Badriddin Maxsudov Amir Temur hayoti haqida turkiy tildagi birinchi qo‘lyozmalardan biri bo‘yicha tadqiqot loyihasini taqdim etdi.

Tadbirda Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) direktori Mahmud Erol Qilich ham ishtirok etib, o‘zbek zamini olimlari ensiklopediyasini yaratish tashabbusini ilgari surdi. TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev rahbarligida turk dunyosi mamlakatlarining raqamli platformasini yaratish loyihasi amalga oshiriladi. Turkiya Qo‘lyozmalar boshqarmasi rahbari Joshqun Yilmaz bilan O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq qo‘lyozmalarning raqamli nusxalarini taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Birlashgan Arab Amirliklarining «Manara» markazi raisi Baxit Rumeysi 10 nafar xodimimizni gid sifatida amaliyot o‘tash uchun taklif qildi.

Biz uchun medialoyihalar ham juda muhim. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Tirik tarix» dasturining taqdimotida buyuk ajdodlarimiz va tariximiz haqida hikoya qiluvchi kino loyihalar namoyish etildi. Bu ishni O‘zbekiston Kinematografiya agentligi amalga oshirmoqda va biz ushbu muhim loyihada ishtirok etishga tayyormiz. 

Biz ko‘plab xalqaro kinostudiyalar va telekanallar bilan hamkorlik o‘rnatdik. Xususan, «TRT-Avaz» bilan «Turklar davri» medialoyihasi, «Rossiya-Kultura» telekanali bilan O‘zbekiston arxeologiyasiga bag‘ishlangan o‘n qismdan iborat hujjatli film ustida ishlayapmiz. «BBC» bilan Qur’onningO‘zbekiston bilan bog‘liq qo‘lyozmalariga bag‘ishlangan maxsus loyiha taqdim etmoqchimiz. Shuningdek, CNN va Euronews telekanallari bilan Yangi O‘zbekiston va mamlakatimiz tarixi haqidagi kontentlarni yaratish va joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdik.

Umuman olganda, Madaniy meros haftaligi doirasida 30 dan ortiq konferensiya, seminar, forum, ko‘rgazma va taqdimotlar tashkil etildi. O‘zbekistonning boy madaniy merosi, tarixi va madaniyatini o‘rganayotgan mahalliy va xorijiy olimlarning 250 ga yaqin ma’ruzalari va mualliflik g‘oyalarini tingladik. 20 ga yaqin hamkorlik memorandumlari imzolandi, shuningdek, xorijiy sheriklar bilan 100 dan ortiq qo‘shma loyihalar taqdim etildi.

Albatta, taqdim etilgan loyihalar hali yakunlangan emas. Ularni amalga oshirish uchun o‘nlab olimlar va mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, tegishli muassasalar va tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur. Biz har qanday obyektiv taklif va e’tirozlarga ochiqmiz.

Albatta, muayyan loyihalar olimlar o‘rtasida bahs va qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishi mumkin, ammo shuni ishonch bilan ayta olamanki, so‘nggi qaror O‘zbekiston olimlarining milliy forumida barchamiz saylagan ilmiy kengashga bog‘liq.

Ishonamizki, Xalqaro madaniy meros haftaligi barchamizga foydali va yorqin daqiqalarni baxsh etdi. Ishonamanki, bildirilgan fikrlar, g‘oyalar va loyihalar kelajakda o‘z samarasini beradi. Biz ko‘plab foydali tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish uchun kuch va imkoniyatlarni birlashtiramiz.

N.Usmonova tayyorladi,

O‘zA