Ekspeditsiya xabarlari: Oʻzbekistondagi megaloyiha uchun yana 100 ga yaqin artefakt saralab olindi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarni boyitish, uni mazmunan shakllantirish maqsadida Toshkent shahri muzeylari  boʻylab ekspeditsiyalar davom etmoqda. 

 

Markaz tomonidan shakllantirilgan ishchi guruh aʼzolari Sergey Borodin davlat adabiy-memorial uy-muzeyida boʻlishdi. 

 

 

Muzey rahbariyati ishchi guruhga uy-muzeyining saqlov xonasidagi Sergey Borodinning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid eksponatlar, uning adabiy merosi haqidagi hujjatlar bilan tanishtirdi. 

 

"Muzeydan Markazga jalb qilish maqsadida 100 ga yaqin eksponatni roʻyxatga oldik. Ular ilmiy va madaniy yodgorliklar, qadimiy qoʻlyozmalar, noyob sanʼat asarlari, meʼmoriy meros namunalarining nusxalari va boshqa tarixiy ahamiyatga ega materiallardir.  Arxeologiya yoʻnalishi – qadimiy davrlarga oid ashyolar, sopol buyumlarni oʻz ichiga oladi. Bu artefaktlar orasida numizmatika yoʻnalishidagi materiallar koʻpchilikni tashkil qiladi. Turli davrlarga oid tangalar, pul birliklari, moliyaviy belgilar mavjud. Muzeyda etnografiya yoʻnalishi – oʻzbek xalqining urf-odatlari, turmush tarzini aks ettiruvchi buyumlar, milliy liboslar ham oʻrin olgan. muzeyda jami 28710 ta eksponat bor. Ular orasida 7500 ta qimmatli tangalar va 10 mingdan ortiq kitoblar mavjud”, — deydi Markaz katta ilmiy xodimi Alisher Egamov. 

 

Maʼlumot uchun, Sergey Borodin mashhur tarixiy romanlar muallifi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlangan. 1902 yilda Moskvada tavallud topgan. 1974 yil Toshkentda vafot etgan. U Chigʻatoy qabristoniga dafn qilingan. 

 

Sergey Borodin tarixiy asarlar yozgan. U tarixga, topilmalar yigʻishga  qiziqqan. Uning uy-muzeyida ham oʻzi tomonidan yigʻilgan qimmatli  artefaktlar, numizmatik topilmalar joy olgan. 

 

Ishchi guruh tashrif davomida muzey fondida saqlanayotgan Sergey Borodinning adiblar, davlat arboblari va boshqalar bilan yozishmalari, Xorijiy davlatlardan olgan hadyalari, qadimiy hujjatlar, qoʻlyozma namunalari ham koʻzdan kechirildi.