Samarqand nufuzli xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilmoqda
29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida Abu Mansur Moturidiy 1155 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi. “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻʼtadillik va maʼrifat taʼlimoti” nomidagi xalqaro nufuzli konferensiyaga yuksak darajada tayyorgarlik koʻrilgan.
Xalqaro anjuman Imom Moturidiy ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganishni ragʻbatlantirish, Moturidiylik taʼlimotidagi moʻʼtadillik va bagʻrikenglik tamoyillarini keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan.
Xalqaro anjumanda mahalliy olimlar bilan bir qatorda Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Turkiya, Marokash, Iordaniya, Italiya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi oʻnlab davlatlardan xorijiy olimlar ham ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjuman “Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi oʻrni”, “Moturidiylik taʼlimotida umuminsoniy qadriyatlar talqini”, “XXI asrda Moturidiylik taʼlimotining ahamiyati” shoʻʼbalar kesimida oʻz faoliyatini olib boradi.
Maʼlumot uchun, Imom Abu Mansur Moturidiy 870 yil Samarqand yaqinidagi Moturid qishlogʻida. tugʻilgan. Musulmonlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashda koʻrsatgan jonbozligi tufayli olimlar orasida “Imom al-huda” (Hidoyat imomi), “Rais ahli sunna val jamoa” (Ahli sunna val jamoa raisi), “Musahhih ahli sunna val jamoa” (Ahli sunna val jamoani toʻgʻri yoʻlga soluvchi), “Imom al-Mutakallimin” (Mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan tanilgan.
U asos solgan moturidiylik maktabi bugungi kunda sunniylik yoʻnalishidagi 2 yirik eʼtiqodiy taʼlimotdan biri hisoblanadi. Bu aqidaviy mazhablar – moturidiylik va ashʼariylikdir. Imom Moturidiy ilgari surgan aqidaviy qarashlari oʻsha davrda mintaqada kuzatilgan turli adashgan oqimlar faoliyatiga barham berishda muhim rol oʻynagan.
Bugungi kunda 1,9 milliardlik dunyo musulmonlarining 750 milliondan ortigʻi moturidiylik aqidaviy yoʻnalishiga mansub hisoblanadi.
Imom Moturidiy oʻzidan aqida, tafsir, fiqh va usul al-fiqh sohalari boʻyicha boy maʼnaviy meros qoldirgan. Uning “Kitob at-tavhid”, “Taʼvilot al-Qurʼon” kabi 20 ga yaqin asar yozgani manbalarda keltirilgan. Mazkur kitoblardan bizgacha “Kitob at-tavhid” va “Taʼvilot al-Qurʼon” asarlarigina yetib kelgan.
Imom Abu Mansur Moturidiy 944 yil vafot etgan.
Imom Moturidiy taʼlimoti uning izdoshlari tomonidan rivojlantirilib, aqidaviy mazhab darajasiga yetib kelgan. Ushbu jarayonda Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi allomalarning oʻrni katta boʻlgan.
Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2020 yil 3-4 mart kunlari Samarqand shahrida katta xalqaro konferensiya, 11 avgustda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu ikki manba Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
