Oʻzbekiston madaniy merosi jahonning eng yirik savdo uylarida
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari boshchiligidagi delegatsiya vakillari London shahridagi “Kristis” va “Sotbis” auksion uylarida boʻldi.
Tashrif davomida “Kristis” auksion savdo uyining Islom va Hindiston sanʼati boʻlimi boshligʻi Sara Plambli mazkur tashkilot tarixi va faoliyati bilan qisqacha tanishtirdi. Tashkilotda mavjud bir qator nodir eksponatlar, tasviriy sanʼat asarlari haqida maʼlumot berdi. Jumladan, u auksion uyida saqlanayotgan ayrim qoʻlyozmalarni mehmonlarga koʻrsatdi. Ulardan biri sharq mumtoz adabiyoti vakili Xoju Kirmoniy tomonidan 1524 yilda koʻchirilgan “Xamsa” asarining qoʻlyozmasi, yana biri Shamsiddin Muhammad Assor tomonidan 1494 yilda Tabrizda koʻchirilgan “Shams va Mushtariy” dostonidir. Har ikkala qoʻlyozma temuriylar davri kitobat sanʼati taʼsirida yaratilgan.
Bundan tashqari bu yerda Oʻzbekiston hududida koʻchirilgan Firdavsiyning “Shohnoma”, Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”, Hofizi Abruning “Majmaʼ ut tavorix” asarlari saqlanmoqda.
Maʼlumot uchun, “Kristis” auksion savdo uyiga 1766 yilda angliyalik kolleksioner Jeyms Kristi tomonidan asos solingan. Bugungi kunda “Kristis” auksion savdo uyi fransiyalik milliarder Fransua Pinoga qarashli. Parij, Milan, Moskva, Nyu-York singari yirik shaharlarda mazkur auksion uyining vakolatxonalari bor. Osori-atiqalar kimoshdi savdosi bilan shugʻullanadigan bu kompaniya har yili 80 dan ortiq kategoriyada 350 dan ziyod savdolar oʻtkazadi.
Shundan soʻng Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari London shahridagi yana bir auksion savdo uyi – “Sotbis”ga borishdi. Delegatsiya aʼzolariga “Sotbis” auksion savdo uyi Auksion savdolari boʻlimi rahbari Benedikt Karter, savdo uyining masʼul xodimi Maryam Farhodiy hamrohlik qildi.
Maʼlumot uchun, “Sotbis” auksion savdo uyi shu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatuvchi eng yirik savdo tashkiloti sanaladi. Mazkur savdo uyiga Londonda 1744 yilda kitob savdogari Samyuel Beyker tomonidan asos solingan. Ayni paytda dunyoning 10 dan ortiq mamlakatlarida oʻz filiallariga ega boʻlgan ushbu kompaniyaning bosh ofisi Nyu-Yorkda joylashgan. Auksion savdo uyining oʻrtacha yillik savdo aylanmasi 5 mlrd. dollarni tashkil qiladi.
“Sotbis” auksion savdo uyining Londondagi ofisi xodimlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillariga ayni paytda savdo uyi ixtiyorida boʻlgan, Markaziy Osiyo madaniy merosiga oid osori-atiqalar haqida maʼlumot berishdi.Oʻzbekistonlik mehmonlar savdo uyida saqlanayotgan VIII asrga mansub sugʻdiylar libosi, somoniylar davriga tegishli boʻlgan sopol idishlar, qoraxoniylar davriga tegishli kumush koʻza, qadimiy binolarga oid koshinlar, mamluklar, abbosiylar, elxoniylar va temuriylar davrida koʻchirilgani taxmin qilingan Qurʼoni karim qoʻlyozmalari, Oʻzbekiston hududi ikki uch asr muqaddam yaratilgan gilamchilik va kashtachilik namunalari, Boburiylar davri miniatyuralari bilan tanishishdi.
Firdavs Abduxoliqov “Kristis” va “Sotbis” auksion savdo uylari vakillariga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikni taklif qildi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
