Imom Buxoriy ilmiy safarlari xaritasi va elektron bazasi tashkil etiladi
Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining hayoti va ilmiy merosini yanada chuqurroq oʻrganish, keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida yana bir muhim loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yaʼni, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy ilmiy safarlari xaritasi va elektron bazasi yaratiladi.
Loyihaning asosiy gʻoyasi allomaning 16 yoshga yetganida akasi Ahmad va onasi bilan haj safariga chiqib, Buxorodan Makka sari yoʻl olganini, shuningdek, uning ilm talabida bosib oʻtgan 14 ming kilometrdan ortiq masofasini hamda u ziyorat qilgan 20 dan ziyod shaharni aniq va tushunarli tarzda interaktiv xarita koʻrinishida aks ettirishdan iborat.
Bu xarita orqali Imom Buxoriy hayoti davomida Qohira, Damashq, Bagʻdod, Basra, Kufa, Madina kabi oʻsha davrning eng yirik ilm markazlarida boʻlib, hadis ilmini egallash yoʻlida qilgan mashaqqatli sayohatlari bilan tanishish mumkin boʻladi. Har bir shahar va manzilga oid tarixiy maʼlumotlar, safarning ilmiy yutuqlari va u yerda uchrashgan mashhur ulamolar haqida maʼlumotlar ham elektron bazaga kiritiladi.
Tayyorlangan interaktiv xarita va elektron kontent Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida namoyish etiladi. Bu nafaqat yosh tadqiqotchilar, balki ziyoratchilar, talaba-yoshlar va ilm ixlosmandlari uchun ham qimmatli manba boʻladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
