“Mugʻ togʻi hujjatlarini ekspozitsiyada namoyish etish” loyihasi doirasida qadimiy manbalar taqdim etiladi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Mugʻ togʻi hujjatlarini ekspozitsiyada namoyish etish” nomli yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Mugʻ togʻi hujjatlari jamlanmoqda. Ushbu hujjatlar Samarqand yaqinidagi Mugʻ qalʼa xarobalaridan topilgan boʻlib, ular milodiy VII asrning oxiri – VIII asrning boshlariga taalluqli qadimiy yozma manbalardir.
Loyihada jamlangan jami 80 ta hujjat ichida 74 tasi fanda shartli ravishda “milliy sugʻd yozuvi” yoki “Samarqand sugʻd yozuvi” deb ataluvchi yozuvda bitilgan. Bu yozuvlar mazmunan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va huquqiy munosabatlarni yorituvchi manba sifatida katta ahamiyatga ega. Ushbu yozuvlar orqali oʻsha davr hayoti, boshqaruv tizimi hamda xalqaro munosabatlar haqida qimmatli maʼlumotlarni olish mumkin boʻladi.
Loyihaning asosiy maqsadi – ushbu noyob hujjatlarning nusxalarini tayyorlab, ularni ekspozitsiya shaklida keng jamoatchilikka taqdim etishdir. Bu tashabbus orqali nafaqat oʻzbekistonliklar, balki xalqaro mehmonlar ham Islom sivilizatsiyasi markazida qadimiy sugʻd yozuvi va uning tarixiy ahamiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
