Londonda Oʻzbekistonga oid noyob durdonalar aniqlandi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari boshchiligidagi delegatsiya vakillari mashhur Sarixani kolleksiyasi rahbari Ali Sarixani bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Ali Sarixani asli Eronda tugʻilgan, oʻtgan asrning 70 yillari oxirida oilasi bilan Londonga koʻchib kelgan. Bu yerda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish barobarida oʻzining boy kolleksiyasiga asos solgan.
Sarixani kolleksiyasida ayni paytda Sharq xalqlari tarixiga oid mingdan ortiq noyob eksponatlar saqlanadi. Ular orasida bevosita Oʻzbekiston tarixi va madaniyati bilan bogʻliq osori-atiqalar ham anchagina. Jumladan, saljuqiylar, somoniylar, xorazmshohlar, temuriylar davriga oid oʻnlab qadimiy eksponatlar, nodir qoʻlyozmalar saqlanadi.
Oʻzbekistonga oid nodir Qurʼon sahifalari, 1438 yilda Hirotda, Shohrux Mirzo davrida yaratilgan “Meʼrojnoma” asari miniatyurasi, xalq amaliy sanʼati buyumlari oʻzbekistonlik tadqiqotchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
— Men Oʻzbekistonga bir necha yil muqaddam borganman, xalqingizning boy madaniyati, asriy anʼanalari va qadriyatlari bilan tanishib qaytganman. Turli mamlakatlarda oʻtkazilgan auksionlarda Oʻzbekiston bilan bogʻliq qadimiy ashyolarni qanday boʻlmasin qoʻlga kiritishga harakat qilaman. Chunki, mamlakatingiz madaniyati va tarixi meni hamisha oʻziga maftun etib keladi, — deydi kolleksioner Ali Sarixani.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Ali Sarixanini joriy yilda oʻtkaziladigan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimiga taklif qildi. Shu bilan birga Toshkentda kolleksiyadagi Oʻzbekistonga aloqador eksponatlar koʻrgazmasini tashkil qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga ilmiy safari davom etadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
