Buyuk Britaniya bilan hamkorlik: “Islom dunyosi atlasi” loyihasida oʻzbekistonlik olimlar ishtirok etadi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Buyuk Britaniyaga yetib bordi.

 

Delegatsiya vakillarining ilk uchrashuvi Londondan 50 kilometr uzoqlikdagi Oksford shahrida kechdi. Oksford Islom tadqiqotlari markazi rahbari Farxan Nizomiy Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining strategik hamkorlaridan sanaladi. Farxan Nizomiy 2024 yilning oktabrida Toshkentda oʻtkazilgan Xalqaro madaniy meros haftaligida ishtirok etib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.

 

2024 yil dekabr oyida markaz delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga safari davomida Oksford Islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan.

 

Bu galgi uchrashuvda mazkur memorandum doirasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Islom tadqiqotlari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Islom dunyosi atlasi” loyihasi, bu borada oʻzbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi.

 

“Bu loyihamizda ikki milliardga yaqin odamni oʻzida birlashtirgan musulmon olamining tarixi, islom olimlarining ilm-fanga qoʻshgan hissasi, xalqlarimizning madaniyati va qadriyatlari aks etadi. Bu borada hamkorlikda qiladigan ishlarimiz koʻp. Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan allomalar jahon sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshgan. Loyihamizning Oʻzbekistonga oid qismida ana shu boy maʼnaviy meros xalqaro miqyosda taqdim etiladi”, — deydi Farxan Nizomiy.

 

Loyiha doirasida joriy yilning may oyida oʻzbekistonlik tarixchi va sharqshunos olimlardan iborat delegatsiya hamkorlikda ishlash uchun Oksfordga taklif qilindi.