Oʻlim toʻshagida yotgan Sohibqironning soʻnggi onlari tasvirlangan miniatyura topildi
Ushbu miniatyura mashhur fors-tojik shoiri, Abdurahmon Jomiyning jiyani Abdulloh Hotifiyning XVI asr boshlarida Sohibqiron Amir Temurni sharaflab yaratilgan “Temurnoma” asari qoʻlyozmasidan olingan va unda oʻlim toʻshagida yotgan sarkardaning soʻnggi onlari tasvirlangan.
Qoʻlyozma ayni paytda Eron Milliy kutubxonasida saqlanadi.
Temuriylar davri adabiyotining yetuk vakili Abdulloh Hotifiy 1454-yilda Eronning Jom viloyatiga qarashli Xarjird qasabasida tugʻilgan. Uning ijodida togʻasi, mashhur shoir Abdurahmon Jomiyning hissasi katta boʻlgan. U Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy va Navoiy singari ulugʻ mutafakkirlar izidan borib, oʻz «Xamsa»sini yaratgan. Mazkur besh dostondan biri – «Temurnoma» sohibqiron Amir Temurning jahongirlik salohiyatiga bagʻishlanadi.
Hotifiy «Xamsa»si «Layli va Majnun», «Shirin va Xusrav», «Haft manzar», «Temurnoma», «Futuhoti shohiy» yoki «Shohnoma» dostonlaridan iborat. Hotifiy «Xamsa»sidagi «Layli va Majnun» uning eng mukammal dostonlaridan biridir. Bu doston Alisher Navoiyga bagʻishlangan. Doston muqaddimasida «Dar taʼrifi Mir Alisher» («Mir Alisher taʼrifida») sarlavhali maxsus bob borki, u ham Hotifiy asarining Navoiyga, yaʼni oʻz idealidagi komil insonga bagʻishlanganligini tasdiqlaydi.
Hotifiy dostonining Navoiyga bagʻishlanishi va unda ulugʻ oʻzbek shoiri alohida bobda madh etilishi bejiz emas edi. Chunki Hotifiy Navoiyning eng yaqin va isteʼdodli shogirdlaridan biri edi. Shu sababli Navoiy shogirdi kamoloti uchun juda koʻp qaygʻurgan, uni har jihatdan qoʻllab-quvvatlagan edi. Bundan tashqari, Navoiyning Hirot adabiy muhiti rivoji uchun qilgan ishlari, mamlakat tinchligi, xalqlar doʻstligi va farovonligi, ilm-fan, adabiyot va sanʼat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, shoir, olim, tarixchi, tarjimon sifatida yaratgan yetuk asarlari Hotifiyda ulugʻ oʻzbek shoiriga nisbatan yuksak ehtirom uygʻotgan edi.
Hotifiy hayotining soʻnggi yillari safaviylar davriga toʻgʻri keladi. Shoh Ismoil Safaviy shoirga homiylik qilgan. Shoir oʻz uyida xasta yotganida Shoh Ismoil Safaviy uning holidan xabar olgani keladi. Shoir umrining soʻnggi yillarida shohga atab “Ismoilnoma” dostonini ham yozgan. Ammo maʼlumotlarga koʻra, bu doston oxiriga yetmay qolgan. Hotifiy 1521-yilda vafot etgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
