Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar

Yoshlar ijod saroyida “Xalqaro madaniy meros haftaligi” doirasida Madaniyat vazirligi tomonidan “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Forumni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov kirish nutqi bilan ochib berib, mavzu yuzasidan taqdimot qildi. Vazir o‘z nutqida e’tirof etganidek, bizning ajdodlarimiz hamisha jaholatga qarshi ma’rifat bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘z aql-zakovati va salohiyatini ilm-fan, madaniyat rivojiga bag‘ishlaganlar. Bu tabarruk zamindan Xorazmiylar, Farg‘oniy, Beruniy yoki Zamahshariylar o‘z-o‘zidan yetishib chiqmagan. Navoiy yoki Bobur Mirzo birdaniga buyuk shoir bo‘lib tug‘ilib qolmagan. O‘sha davrlardagi ilmiy-madaniy muhit jamiyatga ayni mana shunday buyuk shaxslarni, dunyo tan olgan olimu fuzalolarni yetishtirib bergan. Shu ma’noda, bugun O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot rivojiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. – “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-mafkuraviy immunitetini yuksaltirish, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlikni mustahkamlash yo‘lida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda – dedi Ozodbek Nazarbekov. Forumda xalqaro tashkilotlardan TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova va boshqalar o‘zlarining qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Shu bilan birga, forumda IKOMOS eksperti Kristina Iamandi hamda Fransiya shaharsozlik universiteti katta eksperti Erik Xyubert onlayn tarzda ishtirok etdi. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekistonning me’mori sifatida uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan ishlari — mamlakatni suratan va siyratan yangilash, dunyoda uning yangi imijini yaratish, xalqni azaliy orzulari ro‘yobi sari yetaklash hamda milliy qadriyatlardan suv ichgan demokratik islohotlar o‘zbekistonliklarning nafaqat hayotini, balki ongu tafakkurini ham o‘zgartirmoqda, desak, ayni haqiqat, – dedi TURKSOY bosh kotibi, taniqli adib va publitsist Sulton Rayev. – Olib borilayotgan konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda hamda turkiy dunyoda azaliy o‘rnini qayta tiklashi va mustahkamlashida muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirganidan so‘ng barcha sohalar singari TURKSOY faoliyati doirasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha a’zo davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham turkiy mamlakatlar madaniyati va san’ati kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar” xalqaro forumi doirasidagi dasturdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Tirik tarix” loyihasi taqdimoti, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan chop etilgan “Turkiy tilli davlatlar milliy musiqa cholg‘ulari” kitobi taqdimoti, O‘zbek milliy cholg‘ulari ko‘rgazmasi hamda “Cho‘lpon” spektakli namoyishi ham o‘rin olgani e’tiborli. Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri