“Islomdan avvalgi davr”da: Amudaryo yoqalab, paxtazor oralab samoviy otlardan bahra olish mumkin
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islomdan avvalgi davr" boʻlimining dizayni va umumiy koʻrinishi muhokama etildi. Uchrashuv avvalida Sinan Turaman boshchiligidagi “Outdoor Factory” kompaniyasi jamoasi boʻlim boʻyicha loyihasini taqdimot qildi. Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilovalar boʻlimni boyitish boʻyicha qoʻshimcha fikrlar bildirib oʻtdi.
— Turkiyaning yetakchi kompaniyalaridan biri “Outdoor Factory” jamoasi boʻlimni boyitish uchun xronologik, tadrijiy, shaharsozlik masalalariga alohida eʼtibor qaratgan. Kichik joyda katta ilmiy maydon yaratishga harakat qilmoqda. Bu boʻlim orqali oʻtmishimizga toʻgʻri baho bera olsak, undagi natijalarimizni koʻrsatsak, bu bizning yutugʻimiz boʻladi. Bunda kompaniya vakillari oʻsha davrn i mukammal oʻrganmoqda. Bugun bildirib oʻtgan takliflarimizni ilmiy-ijodiy faoliyatga tadbiq etsak, yanada mukammallik kasb etadi — dedi Markaz rahbari.
Uchrashuvda maʼlum qilinishicha, “Islomdan avvalgi davr”da qadimgi Oks yaʼni Amudaryoning mavjlanib oqayotgan shakli namoyon boʻladi. Unda qayiqlar, suv toʻlqinlari tomoshabinga ulkan daryoni his qilish imkonini beradi. Ipak yoʻli boʻylab paxta dalalari, tutzorlar va ipakdan mato olish texnikalari va liboslarni tikish uskunalari namoyish etiladi. Shuningdek, boʻlimda Uzundaradagi shaharsozlik, Xorazmdagi suv inshootlari interaktiv tarzda namoyon etiladi. Fargʻonaning samoviy otlari maketlari va 3D formati boʻlimga oʻzgacha koʻrk qoʻshishi kutilmoqda.
— Davrni oʻrganish jarayonlarida koʻplab qiziq maʼlumotlarga duch keldik. Bu bizni hayratga soldi. Izlanishilarimiz mahsulini boʻlimda namoyon etsak, tashrif buyurgan har bir kishi biz istagan hayratni oʻzida his qiladi. Uzundaradagi ilk sivilizatsion jarayonlar, qadimgi Soʻgʻd, Baqtriya ixtirolari shaxsan meni lol qoldirdi. Fargʻonaning samoviy otlari, ipakchilik, paxtachilik tarixini oʻrganib, Oʻzbekiston tarixi boy va takrorlanmas ekanligiga amin boʻldim. Biz ekspozitsiyada shularni aks ettirmoqchimiz, — deya fikr bildirdi “Outdoor Factory” kompaniyasi rahbari.
Uchrashuv soʻngida taqdimot boyitilib, mahalliy olimlar bilan maslahatlashgan holda amaliy jarayonlarga kirishish kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
