“Oʻzbekiston hududidagi qadimgi yozuvlar namunalari” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda

 

Mazkur loyiha orqali islomdan avvalgi davrda Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan yozuvlar va ularning madaniy taraqqiyotdagi oʻrni chuqur oʻrganiladi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Loyihaning birinchi bosqichida qadimgi yozuvlarning tarixiy-maʼnaviy ahamiyati, ularning davrlar kesimidagi rivojlanishi, ijtimoiy hayotdagi roli va yozuv madaniyatining shakllanish jarayoniga oid maʼlumotlar tayyorlanadi.

 

Ekspozitsiya qismida esa bu yozuvlar aks etgan sopol va metall buyumlar, yozuvlar bitilgan yodgorliklar, ularning tasvirlari va nusxalari jamlanib, namoyishga qoʻyiladi. Ular orasida qadimgi turkiy, sugʻdiy, xorazmiy, baqtriya va boshqa yozuv tizimlariga mansub namunalar boʻlishi rejalashtirilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha milliy oʻzlikni anglash hamda ilmiy-ijodiy faoliyatni ragʻbatlantirish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.