Qurʼon zali konsepsiyasini yanada mukammallashtirish masalalari koʻrib chiqildi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shtabida Qurʼon zali ekspozitsiyasini tashkil etish boʻyicha navbatdagi muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan ushbu Markazning eng muhim boʻlimlaridan biri – Qurʼoni karim zali konsepsiyasini yanada mukammallashtirish, uning tarkibiy qismlarini boyitish va tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi. Qurʼon karim zali uchun tanlangan eksponatlarni toifalarga ajratish, birinchi toifaga kiruvchi loyihalarning texnik topshiriqlarini tayyorlash, shuningdek, ayrim eksponatlarni ekspozitsiyaga kiritish yoki kiritmaslik masalalari atroflicha tahlil qilindi.

 

Shuningdek, yigʻilish davomida Qurʼon zali ekspozitsiyasida multimedia mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari, interaktiv yondashuvlar orqali mehmonlarga Qurʼon tarixini zamonaviy shaklda yetkazish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Mazkur ekspozitsiya Oʻzbekistonning boy diniy-madaniy merosini keng jamoatchilikka tanitishda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.

 

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Qurʼon zalida Oʻzbekistonga aloqador 114 ta noyob Qurʼon qoʻlyozmasi jamlanadi. Ular orasida Hazrati Usmon Qurʼoni, VIII asrga oid Katta Langar Qurʼoni, hamda turli tarixiy sulolalar davrida yurtimizda yaratilgan yoki asrab kelinayotgan betakror nusxalar mavjud.