Berlin kutubxonasidan boburiylarga tegishli muhtasham albom topildi
Bu haqda Toshkentda davom etayotgan O‘zbekiston xalqaro madaniy meros haftaligi doirasidagi tadbirlarda ma’lum qilindi. Berlin davlat kutubxonasida saqlanayotgan boburiylarga oid mazkur muhtasham albomning bir tomonida g‘azallar, ikkinchi tomonida esa miniatyuralar tushirilgan. E’tiborli jihati, albomdagi g‘azallar Alisher Navoiy va Husayn Boyqaroga tegishli bo‘lib, turkiy tilda yozilgan. Mutaxassislarning e’tirofiga ko‘ra, boburiylar sulolasi uch yuz yildan ortiq hukmronlik tarixiga ega bo‘lsa-da, hech qachon o‘z ota-bobosini, millatini, tilini unutmagan. Saroyda ehtimolki, fors, hind yoki boshqa tilda gaplashilgan bo‘lishi mumkin, lekin asosiy, eng jiddiy masalalar turkiy tilda hal qilingan va juda ko‘plab turkiy qo‘lyozmalar ko‘chirilgan. Mazkur albomning 25 tasi Germaniyadagi Berlin davlat kutubxonasida saqlanayotgan bo‘lsa, qolgan 100 ga yaqin qismi Buyuk Britaniya, AQSH, Chexiya hamda Eronda ekanligi ma’lum qilindi. Chet ellarga tarqalib ketgan O‘zbekiston madaniy merosi namunalarini qaytarish kabi madaniy islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. – Hozirda boburiylarga tegishli albomning tarqalib ketgan barcha qismlarining faksimileni yig‘ish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha ishlar davom etmoqda, – dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. Madaniy meros haftaligi qizg‘in ruhda davom etmoqda.
N.Usmonova, O‘zA
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi