Yangi farmon – diniy-maʼrifiy islohotlarda yana bir muhim bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan ushbu Farmon mamlakatda diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish va diniy taʼlimni zamonaviy asosda tashkil etishda yangi davrni boshlab beradi. Farmonning asosiy maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, diniy-maʼrifiy sohada milliy merosga tayanilgan holda izchil islohotlarni amalga oshirish, yosh avlodni Vatanga sadoqat, bagʻrikenglik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashdir.
Farmonda quyidagi asosiy ustuvor yoʻnalishlar belgilab berilgan:
• Tinchlik, bagʻrikenglik va insonparvarlik gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan milliy diniy merosni chuqur oʻrganish;
• Diniy kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yangilash;
• Ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash;
• Xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
• Diniy-maʼrifiy tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yangi tizim yaratish.
Shuningdek, Farmonga koʻra, 2025 yil 1 sentabrga qadar “Haj va Umra yagona portali” va uning mobil ilovasi ishlab chiqilib, foydalanishga topshiriladi. Bu raqamli platforma ziyoratchilar uchun shaffof, tezkor va qulay xizmatlarni taqdim etish bilan birga, turli byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etadi. Portal orqali fuqarolarning ishtirokini roʻyxatdan oʻtkazish, xizmatlarni taqsimlash va nazorat qilishning yagona elektron tizimi shakllantiriladi.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi endi “Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi” deb nomlandi. U zamonaviy islomshunoslik, manbashunoslik, dinshunoslik, diniy psixologiya va islom iqtisodiyoti sohalarida mutaxassislar tayyorlash markaziga aylanadi. Akademiya taʼlim jarayonida ilgʻor pedagogik texnologiyalar, xalqaro hamkorlik va xorijiy tajriba elementlarini joriy etish orqali akademik va amaliy tadqiqotlarni faollashtiradi. Shuningdek, ushbu Akademiya huzuridagi malaka oshirish markazi Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutiga aylantiriladi.
Prezident farmoniga muvofiq, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, mahallalar uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida yangi hamkorlik mexanizmi joriy etiladi. Ushbu hamkorlik “Bagʻrikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida faoliyat yuritadi. Bu tizim jamiyatda bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va vijdon erkinligini kafolatlashda muhim oʻrin tutadi.
Bundan tashqari, farmonda diniy-maʼrifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish belgilandi.
Mazkur Prezident farmoni mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohani zamonaviy talablarga mos ravishda yangilash, jamiyatda maʼrifiy immunitetni mustahkamlash va global tahdidlarga ilm-maʼrifat orqali javob berish singari muhim vazifalarni amalga oshirishda huquqiy va amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
