"Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishida ishtirok etishga tayyormiz" — Mamduh Osman

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yigʻilishida Saudiya Arabistoni Islom sanʼati muzeyi direktori Mamduh Osman bilan onlayn muloqot tashkil etildi.

 

 

Yigʻilishda kengash aʼzolari, ishchi guruh rahbarlari, jumladan, OʻzFA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, akademik Akbar Hakimov hamda Markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etishdi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning  navbatdagi yigʻilishi kun tartibidagi masalalari doirasida xorij muzeylarining Oʻzbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasini boyitishda oʻz eksponatlari bilan qatnashishiga alohida urgʻu berildi.

 

Saudiya Arabistoni Islom sanʼati muzeyi direktori Mamduh Osman bilan boʻlgan onlayn muloqotda shu kabi masalalar muhokama qilindi.

 

Muloqot avvalida Mamduh Osman Markaz ochilishi yaqinlashayotgani hamda ishlar jadal olib borilayotganini alohida taʼkidladi va kengash yigʻilishi qatnashchilariga oʻz tabrigini yoʻlladi.

 

 

Saudiya Arabistoni Islom sanʼati muzeyi direktori muzeyda saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniy merosiga oid noyob va nodir durdonalarning Markaz ochilishida taqdim etilishini soʻzsiz taʼminlanishi haqida gapirdi.

 

"Biz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan uzoq yillik doʻstona aloqalarga egamiz. Shuni faxr bilan ayta olamanki, Saudiya Arabistoni Islom sanʼati muzeyida saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiga oid bir qator eksponatlar, qoʻlyozmalar, artefaktlar hamda shu kabi noyob ashyolarni Markaz ochilishiga olib borishga va koʻrgazmada ishtirok etishga tayyormiz. Ochilish marosimidan keyin ham biz oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishamiz, degan umiddaman", — dedi muzey direktori.

 

Kengash aʼzolari Mamduh Osman tomonidan bildirilgan tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, iliq kutib olishdi.