Islom sivilizatsiyasi markazi uchun yangi bosqich: Ilmiy kengash yigʻilishida muhim masalalar koʻrib chiqilmoqda

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. 

 

Unda Kengash aʼzolari, Ishchi guruh rahbari, jumladan, OʻzFA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, akademik Akbar Hakimov hamda Markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etmoqda. 

 

 

Ilmiy kengash yigʻilishda xorijdan olib kelinadigan eksponatlar roʻyxati, markaz ilmiy-innovatsion loyihalar doirasidagi kino-media loyihalari taqdimoti, viloyatlarga ekspozitsiyalarni eksponatlar bilan toʻldirish boʻyicha ekspeditsiya hisobotlari va qator masalalar koʻrib chiqildi.  Shuningdek, “Vaqt devori” suratlari konsepsiyasini tasdiqlash masalalari muhokama etildi.  

 

Yigʻilishni markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov kirish soʻzi bilan ochib berdi.

"Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari keng muhokama qilinmoqda. Ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshiryapmiz.  Jami 800 dan ortiq media loyihalarni amalga oshirishga masʼul olimlar tinimsiz izlanishyapti.  Bunda ishga yarasha olimlar munosib ragʻbatlantiriladi. Ezgu maqsad oldida yigʻilganmiz. Bunda hech kim norizo boʻlib qolmaydi. Ana shu masʼuliyatli ishlarni amalga oshirishda vijdonan yondashishimiz kerak. Markaz uchun sara mahsulotlarni beraylik. Birgina misol, hurmatli prezidentimiz markazga tashrif buyurganida Bahodir Yoʻldoshov kabi tajribali rejissyorlarimizning filmlarini namoyish etgandik. Filmlar iliq kutib olingandi.  Kino ijodkorlaridan yana shunday mukammal va tarixiy haqiqat asosida filmlar suratga olishlari soʻraladi”, — dedi Firdavs Abduxoliqov. 

 

Yigʻilishda, shuningdek, ilmiy-innovatsion loyihalarni toifalash masalasida markaz ilmiy tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Gulnora Gʻaniyevaning maʼruzasi tinglandi.

 

 

"Masʼullardan medialoyihalarning amalga oshirishda aniqlashtirish masalalariga ahamiyat qaratish soʻraladi. Aniq raqamlar, aniq roʻyxatlar shakllantirilishi kerak. Bugun ichki guruh yigʻilishida moddiy ashyolarni yigʻish uchun tashkil etilgan mahalliy ekspeditsiyaning borishi, filmlar suratga olish va xorijdan keltirilayotgan eksponatlarni nazorat qilish uchun masʼullar belgilab olindi. Ushbu masʼullarga artefaktlar roʻyxatini shakllantirishda, filmlar soni va turini aniqlashtirish vazifalari topshirilgan”, — dedi Gulnora Gʻaniyeva.