Surxon vohasidagi topilmalar Oʻzbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasidan oʻrin oladi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish maqsadida viloyatlardagi muzey, kutubxona va qoʻlyozma fondlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy ekspeditsiyalar yoʻlga qoʻyildi. Bu ishlar Oʻzbekiston Prezidentining 29 yanvarda Markazga tashrifi doirasida bergan topshiriqlari va Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan 26-sonli bayon ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

 

 

Ekspeditsiya guruhining Surxondaryo viloyatidagi faoliyati davomida qadimiy davrlarga oid noyob artefaktlar aniqlandi. Ular orasida Sherobod tumani Jarqoʻton manzilgohidan topilgan, eramizdan avvalgi XV–XIII asrlarga oid sopol idish ham bor.

 

 

Shuningdek, eramizning VII–IX asriga tegishli, boʻyin qismida oʻsha davrga xos naqsh va tamgʻa tushirilgan sopol idish topildi. Tadqiqotchilar ushbu belgilar oʻsha davrda hukmronlik qilgan sulolalar muhri boʻlishi mumkinligini taʼkidlashmoqda.

 

Eng eʼtiborli topilmalardan biri — Oqzarang daryosining oʻng qirgʻogʻidan aniqlangan, XVII–XVIII asrlarga tegishli sopol xumdir. Uning ichida toʻqimachilik uchun moʻljallangan boʻyoq qoldiqlari mavjud boʻlib, bu yurtimizda oʻsha davrda toʻqimachilik va boʻyoqchilik rivojlanganini isbotlaydi.

 

Aniqlangan ushbu tarixiy ashyolar Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish, yosh avlodni ajdodlar hayoti va meʼrosi bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.