Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

 

Unda Kengash aʼzolari, Ishchi guruh rahbarlari, jumladan, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, OʻzFA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi direktori, sanʼatshunos olima Kamola Akilova, akademik Akbar Hakimov hamda Markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etdi. Kengash yigʻilishida   Markaz ekspozitsiyasining 4 ta yoʻnalishlari – Qurʼoni karim zali boʻlimi,    Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi Renessans davri, Ikkinchi Renessans va Oʻzbek xonliklari davri  boʻlimlari “Ish rejasi” taqdimotlari muhokama etildi.

 

Maʼlumki, joriy yilning 29-yanvarida Prezident Shavkat Mirziyoyev Markazga tashrif buyurib, ekspozitsiyalar bilan tanishish davomida masʼullarga zarur koʻrsatmalar bergan edi. Shuni inobatga olgan holda ilmiy kengash aʼzolari Markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalariga alohida eʼtibor qaratmoqda.

 

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi yigʻilish qizgʻin munozara va muhokamalar ostida oʻtdi.

 

"Markazni boyitish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyatlilik darajasi inobatga olinib, ular uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Oldimizda katta va masʼuliyatli ish turibdi. Har bir boʻlim rahbaridan markaz uchun taqdim etilgan manbalarning aniq va tarixiy haqiqatlarga asoslangan maʼlumotlarni taqdim etish soʻraladi. Tasdiqlangan maʼlumotlar 7 ta tilga tarjima qilinadi. Bu boʻyicha tarjimalar bilan ishlaydigan tajribali kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Tayyor kontentlar vikipediyani yanada boyitish maqsadida taqdim etiladi, –  markaz direktori.

 

Jarayonda “Sila sveta” kompaniyasi direktori Aleksandr Us “Yangi Oʻzbekiston - Yangi Renessans” boʻlimining tarkibiy qismlari,  ekspozitsiya dizayni va undan oʻrin oladigan artefaktlar hamda media kontentlari haqida onlayn taqdimot qildi. Taqdimot yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

 

 

"Markaz ekspozitsiyasini yanada jozibador boʻlishi yoʻlida jamoaviy mehnat qilyapmiz. Oʻylaymanki, Markaz ochilgandan soʻng bizning ishimiz tashrif buyuruvchilarga manzur boʻladi. Mahalliy olimlar, tarixchilar bilan maslahatlashgan holda loyiha doirasida koʻplab yangiliklar qildik. Boʻlim tom maʼnoda markazning tashrif qogʻozi boʻladi, deya toʻgʻri baholanmoqda. Tasavvur qilish uchun aytaman, boʻlimda Oʻzbekistonning tarixiy maftunkor  shaharlarining maketlari joy oladi,  oʻzbek allomalarining ixtirolari aks ettiriladi. Dron va audioyozuvli shoular oʻtkaziladi. Loyihalarda zamonaviylik aks ettiriladi, har bir dastur jahon standartlari asosida amalga oshiriladi", – dedi Aleksand Us.

 

"Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasi boʻlimi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova boʻlim doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi. Shuningdek, taqdimotida maxsus ishchi guruh mamlakatimiz va xorijdagi muzey va kutubxonalardan keltirilishi kerak boʻlgan artefaktlar roʻyxatini taqdim etdi.

 

 

"Boʻlimda ishlar qizgʻin davom etmoqda. Markazni artefaktlar bilan boyitish boʻyicha muhokamalar davom etmoqda. Yangi ashyolar topilyapti, mahalliy va xorijiy muzeylarni tadqiq etayotganimizda bizning tariximizga oid koʻplab yangiliklarga duch kelyapmiz. Ishlarimiz Markaz ochilgandan keyin toʻxtab qolmaydi. Jarayonlar keyinchalik ham uzviy davom etadi. Boʻlimdagi “Vaqt devori” muhim loyiha hisoblanadi. Unda vaqt xronologiyasi–tarixiy asoslangan xronologiya boʻladi. Boʻlimdagi har bir ashyo maʼlumotlari ilova qilinadi. Ular boʻyicha eng toʻgʻri maʼlumotlar vikipediya uchun tavsiya etiladi", – dedi Jannat Ismoilova.

 

“Birinchi Renessans davri” boʻlimida ham ishlar qizgʻin amalga oshirilmoqda. Boʻlimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida tarix fanlari doktori, professor  Surayyo Karimova taqdimoti tinglandi.

 

 

"Boʻlimda mavzular ahamiyatlilik jihatlari inobatga olingan holda belgilanganidek  davom etyapti. Oldimizda qator vazifalar turibdi. Terminologiya masalalariga alohida ahamiyat berish kerak deb oʻylayman. Yoʻnalishimizga oid har bir eksponat, moddiy ashyo va tarixiy shaxslarning nomlarini matnlarda toʻgʻri aks etilishini taʼminlashimiz kerak. Bu boʻyicha maxsus ishchi guruh tuzganmiz, ular bilan birgalikda  oʻzbek va rus tilida aniq maʼlumotlarni tayyorlab beramiz", – Surayyo Karimova.   

 

 

"Boʻlimga tashrif buyurganlar oʻzini Maʼmun akademiyasiga kirib qolgandek his qiladi. Biz oʻsha davrning ilm-fani rivojini toʻlaqonli koʻrsatish maqsadida boʻlimning markaziy ulkan eksponati Maʼmun akademiyasi maketi tanlangan. Shuning  uchun ham boʻlimda Maʼmun akademiyasi bilan hamkorlik aloqalari uzilib qolmasligi kerak. Masʼullar Xorazmda turib emas, shu yerda yonimizda yelkama-yelka faoliyat olib borsa ishimizda yanada unum boʻlardi. Yana bir narsani inobatga olishimiz kerak, jarayonlarda xatlov tizimiga ham alohida ahamiyat qaratishimiz kerak. Yaʼni, Markaz uchun nimalar tayyor, yana nimalarni jalb qilish kerak, bu muhim", – dedi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov.

 

Shuningdek, yigʻilishda Markazga gidlar jamoasi jalb qilinishi, ular mutaxassislar tomonidan oʻquv kurslarida oʻqitilishi maʼlum qilindi. Yigʻilish soʻngida, taqdimotlar tasdiqlandi.

 

Maʼlumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalariga soʻnggi bir oy ichida 200 dan ortiq mahalliy olimlar jalb qilingan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ustida ishlarni amalga oshirish uchun hisob-kitoblar boʻyicha 3000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar birgalikda ish olib borishi kerakligi qayd etildi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.